O‘zbekiston mahsulotlarini Primorsk o‘lkasi bozoriga chiqarish masalalari muhokama qilindi
Iyul 26, 2026. 10:30 • 2 daq
• 6
VLADIVOSTOK, 26-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston bosh konsuli Hajiakbar Vahabov Rossiyaning Primorsk o‘lkasi xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Konstantin Sidorenko bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida bosh konsul mamlakatimizda tashqi savdo sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imtiyozlar va qulay shart-sharoitlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Primorsk o‘lkasi bozoriga eksport qilish ishlarini yana-da rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Primorsk o‘lkasida O‘zbekiston Savdo uyini ochish, shourum tashkil etish va milliy mahsulotlar yarmarkalarini o‘tkazish, ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida o‘zaro biznes-missiyalar uyushtirish hamda Vladivostokda biznes-forum tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Vazir O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni eʼtirof etib, Primorsk o‘lkasi o‘zining qishloq xo‘jaligi bazasiga ega bo‘lishiga qaramay, mintaqaviy bozorda sifatli va raqobatbardosh o‘zbek mahsulotlari ishtirokini kengaytirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Xususan, yangi va quritilgan mevalar, poliz ekinlari, to‘qimachilik mahsulotlari hamda elektrotexnika buyumlarini yetkazib berish muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, u O‘zbekiston tomonining buyurtmalariga ko‘ra yetkazib beriladigan tovarlar uchun taqsimlash markazlarini yaratishda yordam ko‘rsatishga tayyorligini maʼlum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi