O‘zbekiston harbiylari «Cambrian Patrol – 2026» xalqaro musobaqasida kumush medalni qo‘lga kiritdi
Oktabr 12, 2026. 16:36 • 2 daq
• 34
LONDON, 12-oktyabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoa Uels shahrida o‘tkazilgan nufuzli «Cambrian Patrol – 2026» xalqaro harbiy musobaqasida kumush medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Mazkur musobaqada Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Pokiston va Qozog‘iston kabi 35 ga yaqin mamlakatdan 140 dan ortiq patrul guruhlari ishtirok etdi. Ishtirokchilar 48 soat davomida tog‘li, botqoqli va borish qiyin bo‘lgan hududlarda murakkab sinovlarni yengib o‘tishlari lozim edi.
Jamoalar taxminan 70 kilometr masofani bosib o‘tib, razvedka vazifalarini bajarish, shartli jang ssenariylarini ishlab chiqish, to‘siqlarni bartaraf etish hamda yaradorlarga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘nikmalarni namoyish etdilar. Shuningdek, ishtirokchilar kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy tahdidlar sharoitida harakat qilish malakasini ham sinovdan o‘tkazdilar.
Xalqaro mutaxassislar O‘zbekiston harbiy jamoasining yuqori darajadagi tayyorgarligi va qo‘yilgan vazifalarni bajarishdagi mahoratini yuqori baholadi.
Musobaqalarda muntazam ishtirok etish O‘zbekiston harbiy xizmatchilariga o‘z kasbiy mahoratini muttasil oshirish, zamonaviy taktik yondashuvlar bilan tanishish hamda xorijlik harbiy sheriklar bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash imkonini bermoqda.
«Cambrian Patrol» musobaqasi 1959-yildan buyon o‘tkazib kelinadi va hozirgi kunda ular Buyuk Britaniya Qurolli Kuchlarining 160-Uels brigadasi tomonidan tashkil etiladi. Bu kabi nufuzli sinovlar xalqaro harbiy hamkorlikni rivojlantirish, kasbiy tajriba almashish hamda bo‘linmalarning amaliy tayyorgarligini tekshirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi