Samarqanddagi Butunjahon sammiti bolalar huquqlari va salomatligini himoya qilishda yangi bosqich bo‘lmoqda
Oktabr 22, 2026. 14:00 • 2 daq
• 113QOHIRA, 22-oktabr. / “Dunyo” AA/. Misrning “Al-Yavm as-Sabi” (Youm7) nashrida Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan “Bolalar farovonligiga investitsiya: Kelajak avlodlar barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” mavzusidagi Butunjahon sammitiga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrlarda qayd etilishicha, mazkur sammitda “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ishtirok etib, nutq so‘zlagan. Nufuzli anjumanda 100 dan ortiq mamlakat, jumladan, Misr vakillari ham ishtirok etmoqda.
Tadbirda Misr nomidan Bolalik va onalik masalalari bo‘yicha milliy kengash raisi Sahar as-Sinbati ham qatnashmoqda. Sammitda BMT, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro bolalar onkologiyasi jamiyati (SIOP) va Yevropa tibbiy onkologiya jamiyati (ESO) vakillari ham ishtirok etmoqda. Unda asosiy e’tibor sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya va bolalar xavfsizligiga sarmoya kiritish masalalariga qaratilgan.
Maqolalarda O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev bilan suhbat ham e’lon qilingan. Elchi Misrning ushbu anjumandagi ishtiroki mamlakat rahbariyatining bolalik va oilani himoya qilishga bo‘lgan e’tiborini aks ettirishi hamda bolalar parvarishi, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va bolalar onkologiyasini davolash sohalarida tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston elchisi bolalarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash, inklyuziv ta’limni rivojlantirish va bolalarni himoya qilish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashni hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida ko‘rishini qayd etdi.
Mansurbek Qilichevning fikricha, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni kengaytirish va tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida turli uchrashuvlar tashkil etilgan. «Bolalar farovonligiga sarmoya kiritish to‘g‘risida»gi Samarqand deklaratsiyasining qabul qilinishi sammitdan kutilayotgan muhim natijalardan biridir.
Diplomatning ta’kidlashicha, sammitga mezbonlik qilish orqali O‘zbekiston bolalarga yo‘naltirilayotgan investitsiya inson kapitali, barqarorlik va tinchlik uchun kiritilayotgan strategik sarmoya ekanini ifodalovchi tamoyilni yana bir bor namoyon etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


