Logo

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Mart 06, 2026. 18:37 • 7 daq

168
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

(2026-yil 6-mart, Toshkent sh.)

Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar, dilbar qizlarim!

Sizlarni, butun O‘zbekiston ayollarini 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Inson hayotini, jamiyat taraqqiyotini xotin-qizlarsiz, ularning ezgu fazilatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Biz sizlarning timsolingizda Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lib maydonga chiqayotgan 22 millionlik yosh avlodni onalik mehri bilan tarbiyalab, voyaga yetkazgan buyuk bir kuchni ko‘ramiz.

Sizlar tadbirkor, olim, muallim, shifokor, muhandis, davlat va jamoat arbobi, bir so‘z bilan xonadonlarimiz farishtasi, oila va jamiyat tayanchi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Aziz opa-singillar!

Biz yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatini ta’minlash, muammolarini hal qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratdik. Barcha qonun, farmon va qarorlarni qabul qilishda gender masalasi bo‘yicha huquqiy mexanizmlar joriy etildi.

Endi xotin-qizlarning huquq va manfaatlariga ta’siri baholanmay turib birorta qonun qabul qilinmaydi.

Yaratilgan keng imkoniyat va sharoitlar hisobiga 230 mingga yaqin tadbirkor ayollar sinfi shakllandi, mirishkor fermer ayollarimiz 12 ming nafarga yetdi, ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan olimalarimiz 6 ming nafardan oshdi.

O‘tgan yili dunyo arenalarida shijoatli qizlarimiz 167 ta oltin, 193 ta kumush, 243 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani tahsinga sazovordir.

Xotin-qizlarimiz hayotidagi ana shunday katta o‘zgarishlar dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pog‘ona yuqorilab, 36-o‘rinni egalladi; “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi; Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” hisobotida esa o‘z pozitsiyasini 43 pog‘onaga yaxshilab, 48-o‘ringa chiqdi.

Fursatdan foydalanib, turli sohalardagi mehnati, iste’dodi va aql-zakovati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ayollarimizga, xalqaro maydonlarda Vatanimizni dunyoga tarannum etayotgan qizlarimizga, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Ayollarni ishli va daromadli qilish masalasi hamisha e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. O‘tgan yili xotin-qizlar bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida 23,5 trillion so‘m kredit yo‘naltirdik. Buning hisobidan 425 mingdan ortiq opa-singillarimiz tadbirkorlikka jalb qilindi.

Misol uchun, to‘qimachilik sohasida 300 nafar ayollarni band qilgan yangiariqlik Nargiza Bekmuratova o‘tgan yili ikkinchi fabrikasini ochib, yana 100 ta ish o‘rni yaratdi. Ushbu ishbilarmon qizimiz 2025-yilda Anqara shahrida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda “Xotin-qizlar uchun eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkor ayol” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

Men bunday serg‘ayrat qizlarimizni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari, deb bilaman. Ularni har qancha qo‘llab-quvvatlashga tayyorman. Shu bois bu yil 166 ming nafar xotin-qizlar zamonaviy kasb va tadbirkorlikka, yana 100 ming nafari IT sohasiga o‘qitiladi.

Shuningdek, opa-singillarimizga o‘z uyida tadbirkorlik qilishi uchun “Daromadli ayol” dasturini boshlaymiz. Bu orqali lider tadbirkorlar ko‘magida kasanachilik, hunarmandchilik, parrandachilik, asalarichilik va tomorqachilik yo‘nalishlarida 50 ming nafar ayolning bandligi ta’minlanadi.

Bundan tashqari, “Hamroh” dasturi doirasida xotin-qizlarning 3 mingta loyihasiga jami 1 trillion so‘m ajratiladi.

Umuman, joriy yilda 1,5 million nafar ayolni daromadli qilish, shundan 400 ming nafarini biznesga jalb etish bo‘yicha katta marra olganmiz. Ushbu maqsadlar uchun 25 trillion so‘mdan ziyod resurs yo‘naltiriladi. Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Qo‘chqorov, Z.Mahkamova, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidov, Markaziy bank raisi T.Ishmetov, viloyat hokimlari bu ishlarga mas’ul bo‘ladi.

Qadrli yurtdoshlar!

Bugun oliygohda o‘qiyotgan qizlarimiz soni 904 mingdan oshib, jami talabalarning 54 foizini tashkil etmoqda.

O‘tgan yili 60 nafar qizimiz dunyodagi eng nufuzli oliygohlarga o‘qishga kirgani albatta barchamizni quvontiradi.

Stajor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotganlarning 8,5 ming nafari, ya’ni, 61 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani ham e’tiborlidir.

Bugungi anjumanimizda qatnashayotgan qizlarimiz – Kegeyli tumanidan Indira Satniyazova, buxorolik Vazira Fayzullayeva, navoiylik Mashhura Qudratovaning xalqaro fan olimpiadalarida erishgan yutuqlarini hamda bir qator xalqaro startap tanlovlari g‘olibi bo‘lgan buvaydalik Dilafro‘z Jo‘raboyeva nufuzli “Microsoft” kompaniyasining O‘zbekistondagi elchisi sifatida e’tirof etilganini ham alohida ta’kidlash lozim.

Yangi o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi ayollarimiz uchun davlat granti kvotasini 2 karra oshirib, 4 mingtaga yetkazamiz.

TOP-300 talikdagi oliygohlar bilan qo‘shma ta’lim asosida magistratura bosqichida ta’lim olayotgan talaba qizlarning kontrakt pullari ham davlat tomonidan to‘lab beriladi.

Endi har yili xotin-qizlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun kamida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha startap tanlovlari o‘tkaziladi. Bunda har bir yo‘nalish g‘olibiga Innovatsiya jamg‘armasidan 500 million so‘mgacha grant beriladi. Maktablarning 11-sinfini bitirib, davlat texnikumlariga kirgan qizlarni kasbga o‘qitish to‘liq davlat granti asosida bo‘ladi.

O‘ylaymanki, bu tashabbuslar xotin-qizlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Aziz do‘stlar!

Ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi murosasiz muhit yaratish – biz uchun strategik vazifa. Shu haftada yana bir muhim Farmonni imzoladim. Endi xotin-qizlar va bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik va tazyiq holatlariga qarshi qat’iy tizim asosida kurash olib boramiz.

Yana bir muhim masalaga to‘xtalmoqchiman. Bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida 2589 nafar ayol jazo muddatini o‘tamoqda.

Turli sabablarga ko‘ra, bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan ushbu ayollar ham shu yurtning fuqarolari. Ularni ijtimoiy hayotga qaytarish, jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylantirish to‘g‘risida ham jiddiy o‘ylashimiz kerak.

Jazoni o‘tayotgan ayollarning 1239 nafari o‘rta ma’lumotli, na kasbi, na hunari bor. Ularning 443 nafari oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan. Shu bois bunday xotin-qizlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha “Yangi hayot” dasturini boshlaymiz.

Ichki ishlar vazirligi Kasbiy ta’lim agentligi va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan jazoni o‘tayotgan ayollarni 3-6 oylik kasb dasturlari bo‘yicha o‘qitib, sertifikat beradi. Shuningdek, mahkumalarga o‘sha yerning o‘zida imtihon topshirib, oliygohlarga kirish va masofaviy o‘qish imkoniyatini yaratib beramiz.

Kontrakt bo‘yicha o‘qishga qabul qilinganlarga jazoni o‘tab, ishga joylashganidan keyin qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda ajratiladi.

Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!

Bugun Yangi O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil kirib bormoqda. Biz o‘z oldimizga, avvalo, inson baxti, inson qadri uchun xizmat qiladigan ulkan maqsadlar qo‘yganmiz. Chunki, inson baxti – oiladan boshlanadi, oila esa ayol bilan mustahkam. Kelajak avlodlar ana shu muqaddas makonda kamolga yetadi. Hech shubhasiz, bu borada qizlarimizning ma’naviy tarbiyasi hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi muqaddas fazilatlar qizlarimiz qalbiga buvijonlarning nasihat va o‘gitlari bilan kiradi. Bunday oilada tarbiya olgan qizlarimiz yurish-turishi, odob-axloqi va hayotga munosabati bilan tengdoshlariga namuna bo‘lib kelgan. Bugungi sharoitda ana shu tarbiya maktabiga ehtiyoj har qachongidan ham dolzarb bo‘lib turibdi.

Shu o‘rinda men o‘ta og‘ir sinov damlarida ham qaddi bukilmagan, butun umrini oilasiga, farzandiga bag‘ishlagan barcha onaxonlarimizga murojaat qilmoqchiman.

Biz 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilganimiz bejiz emas. Dunyodagi vaziyat qanday tahlikali bo‘lib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz.

Bunday murakkab davrda yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik Alloh taolo bergan ulug‘ ne’mat ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz. Uni asrash esa har birimizning muqaddas burchimizdir.

Mana shunday sharoitda duogo‘y buvijonlarimiz, mo‘tabar onaxonlarimiz oilalarda bu ne’matning qadriga yetish, uni asrab-avaylash va farzandlar, nabiralarga shukronalik tuyg‘usini singdirishda namuna bo‘ladilar, deb ishonaman.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Inson uchun o‘z mehnatining mahsulini ko‘rish, e’tirof va e’tiborga sazovor bo‘lish katta baxt.

Ushbu qutlug‘ bayram arafasida yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ayollarimizdan bir guruhini davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlash bo‘yicha Farmonni imzoladim. Shuningdek, an’anaga ko‘ra, o‘qish va ijodda, ilm-fan, sport va jamoat ishlarida faol bo‘lib kelayotgan qizlarimizdan yana 28 nafari Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Butun xalqimiz nomidan mukofot sohibalarini yana bir bor tabriklayman.

Muhtarama opa-singillar!

So‘nggi yillarda siz, azizlar bilan, xalqimiz bilan birga ilgari tariximizda bo‘lmagan buyuk ishlarni amalga oshirdik.

Mashaqqatli, halol mehnatimiz bilan butun dunyoning e’tirofi va hurmatiga sazovor bo‘lmoqdamiz. Eng muhimi, har bir soha va tarmoqda Yangi O‘zbekiston maktabi shakllanmoqda.

Biz uchun bugungi o‘ta og‘ir va murakkab zamonda oldimizga qo‘ygan ulkan marralarni egallashda yanada birlashib, hamjihat bo‘lib mehnat qilish har qachongidan ham muhim vazifadir.

Yangi O‘zbekistonni ayollari hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli yashaydigan mamlakatga aylantirish – mening eng katta niyatim.

Ishonchim komil, sizdek fidoyi, shijoatli, mehnatkash ayollarimiz, butun xalqimiz bilan birga ezgu maqsadlarimizga, albatta erishamiz!

So‘zimning yakunida butun O‘zbekiston xotin-qizlarini kirib kelayotgan nafosat ayyomi, go‘zallik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, oilaviy baxt-saodat yor bo‘lishini tilayman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish