Avstriyadan munosabat: O‘zbekiston sivilizatsiyalar chorrahasi rolini qayta tiklamoqda
Sentabr 20, 2026. 16:00 • 2 daq
• 162
VЕNA, 20-sentabr. /“Dunyo” AA/. Yevroosiyo mintaqasi bo‘yicha ekspert, Vena universiteti professori Ednan Aslan “Dunyo” AA bilan suhbatda O‘zbekiston Prezidentining 13–16-sentabr kunlari Janubiy Koreyaga davlat tashrifi yakunlari haqida o‘z fikrini bildirdi:
– Seulda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Janubiy Koreya yetakchilarining sammiti Yevroosiyo geoiqtisodiyotidagi global o‘zgarishlarning muhim belgisi bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan uchrashuvi, uning “ilg‘or rivojlanish hamkorligi” konsepsiyasi bilan chiqishi, Janubiy Koreya biznes vakillari bilan faol muzokaralari Toshkent mintaqaning asosiy iqtisodiy va innovatsion drayveri sifatida ishonch bilan harakat qilayotganidan dalolat beradi.
Avstriya, umuman, Yevropa nuqtayi nazaridan, Markaziy Osiyo bugungi kunda o‘zining strategik ahamiyatining tarixiy renessansini boshdan kechirmoqda. Buyuk Ipak yo‘lining o‘tgan asrlarida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari – Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent Sharq va G‘arb uchrashgan, ilm-fan gullab-yashnagan, ilg‘or g‘oyalar tutashgan, jahon savdosi shakllangan buyuk sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib xizmat qilgan.
Bugun biz O‘zbekiston ushbu tarixiy missiyani mutlaqo yangi texnologik bosqichda qayta tiklayotganini kuzatmoqdamiz. Toshkent Sharqiy Osiyoning ilg‘or texnologiyalarini Yevropaning iqtisodiy manfaatlari bilan bog‘lab, yana Sharq va G‘arb o‘rtasidagi intellektual va iqtisodiy ko‘prikka aylanmoqda.
G‘arb tadqiqotchilari Yevropa va Janubiy Koreya parallel ravishda ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish, muhim xomashyo resurslaridan foydalanish va O‘rta yo‘lak kabi yangi transport arteriyalarini yaratish yo‘llarini izlayotganini ko‘rmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, “Kia Motors”, “Hyundai” kabi Janubiy Koreya gigantlari va boshqalarning O‘zbekistonda yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha tajribasi Yevropa biznesi uchun juda muhim ahamiyatga ega.
Janubiy Koreyaning alohida strategik sherigi bo‘lgan O‘zbekiston Yevroosiyo markazida joylashgan mamlakat sun’iy intellekt, “yashil” energetika, mikroelektronika va muhim minerallarni qayta ishlash uchun dinamik xabga aylanishi mumkinligini namoysh etmoqda.
Iqtisodiy modeli tarixan muhandislik, texnologik eksport va Yevropadagi logistika bog‘lovchi bo‘g‘ini roliga asoslangan Avstriya kabi mamlakat uchun O‘zbekistonning bunday yo‘nalishi ulkan istiqbollarni ochadi.
Toshkentning aloqalarni diversifikatsiya qilish bo‘yicha pragmatik siyosati nafaqat mintaqada barqarorlikni mustahkamlaydi, balki zamonaviy O‘zbekistonni ilm-fan, innovatsiyalar va xalqaro savdoning yangi makoniga aylantiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi