“Rzeczpospolita”: Toshkentda Markaziy Osiyoning muhim texnologik va moliyaviy markazi tashkil etilmoqda

Oktabr 05, 2026. 15:30 • 2 daq

• 140
“Rzeczpospolita”: Toshkentda Markaziy Osiyoning muhim texnologik va moliyaviy markazi tashkil etilmoqda

VARSHAVA, 5-oktabr. /“Dunyo” AA/. Polshaning nufuzli “Rzeczpospolita” nashrida “O‘zbekiston Markaziy Osiyoning texnologik markaziga aylanmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston texnologiya kompaniyalari, startaplar va investorlarni jalb qilish rejasini taqdim etgan. Mamlakat raqamli texnologiyalar vaziri Toshkentdagi biznes-sammit chog‘ida “Enterprise Uzbekistan” tashabbusi bo‘yicha taqdimot o‘tkazgan. Loyihadan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning muhim texnologik va moliyaviy markaziga aylantirishdan iborat.

Mazkur tashabbus doirasida ingliz huquqi asosida maxsus biznes zonasi tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, bu xalqaro korxonalar faoliyatini kengaytirish va ularga zarur imkoniyatlar yaratishni ko‘zda tutadi.

Kompaniyalar bilan bir qatorda, ularning xodimlariga ham tatbiq etiladigan soliq imtiyozlari qo‘shimcha rag‘bat omili bo‘ladi. Shu tariqa, O‘zbekiston butun dunyodan sarmoya, yangi texnologiyalar va startaplarni jalb etishni maqsad qilgan.

Mamlakat biznes yuritish uchun imtiyozli sharoitlar yaratish hamda texnologiya sohasini rivojlantirish uyg‘unligiga tayanmoqda. Ushbu reja amalga oshsa, O‘zbekiston o‘z geografik joylashuvidan foydalanib, raqamli xizmatlar, moliya va yangi texnologiyalar bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etishga erishishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish