Dushanbedan munosabat: O‘zbekiston–O‘mon strategik hamkorligi Markaziy Osiyo uchun yangi geoiqtisodiy imkoniyatlar yaratadi

Noyabr 19, 2026. 16:30 • 3 daq

• 33
Dushanbedan munosabat: O‘zbekiston–O‘mon strategik hamkorligi Markaziy Osiyo uchun yangi geoiqtisodiy imkoniyatlar yaratadi

DUSHANBЕ, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. Rossiya–Tojikiston (slavyan) universitetining Geosiyosiy tadqiqotlar markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Go‘zel Maytdinova “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining O‘mon Sultonligiga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘mon Sultonligiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, Markaziy Osiyoning Fors ko‘rfazi davlatlari bilan iqtisodiy va transport-logistika aloqalarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Tashrifning asosiy natijasi O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi bo‘ldi. Shu bilan birga, hamkorlikning turli yo‘nalishlarini qamrab olgan 30 dan ortiq hujjat tasdiqlandi.

Ushbu hujjatlarning ijrosini ta’minlash maqsadida “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Tashrif doirasida umumiy qiymati 5 milliard dollarlik qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirilib, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilandi.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri transport va logistika sohasi hisoblanadi. Dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun O‘monning Sohar, Salala va Duqm portlaridan foydalanish tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish hamda yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Xususan, O‘monning “Asyad Group” kompaniyasi tomonidan O‘zbekistondagi “Universal Logistics Services” va “Highway Logistics Center” logistika platformalarida nazorat ulushlarining sotib olinishi ikki mamlakat transport infratuzilmasining o‘zaro integratsiyalashuvi uchun amaliy zamin yaratmoqda.

Maskatda O‘mon, Eron va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv ham mintaqaviy transport bog‘liqligini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Unda quruqlik transporti, tranzit va logistika xizmatlari sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Bu Markaziy Osiyoning dengiz portlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishda uch tomonlama hamkorlik formatining ahamiyatini ko‘rsatadi.

Sanoat kooperatsiyasi, energetika, raqamli texnologiyalar, moliya, turizm va mineral resurslarni o‘zlashtirish ham ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Jumladan, kabel va transformator mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish hamda ularni qo‘shni davlatlarga eksport qilish bo‘yicha kelishuvlar mintaqaviy sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.

Mazkur jarayonlar Tojikiston uchun ham muhim amaliy imkoniyatlarni yuzaga keltiradi. Xususan, O‘zbekistonning logistika platformalari va O‘mon portlaridan foydalanish orqali Tojikiston mahsulotlarini Fors ko‘rfazi, Janubiy Osiyo va Sharqiy Afrika bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlari kengayishi mumkin. Bu, ayniqsa, alyuminiy, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, quruq mevalar va qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari eksporti uchun dolzarbdir.

Umuman olganda, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida strategik sheriklikning yo‘lga qo‘yilishi ikki tomonlama munosabatlarning yangi bosqichini, Markaziy Osiyoning Fors ko‘rfazi davlatlari bilan savdo-iqtisodiy, transport va investitsiyaviy aloqalarini kengaytirish jarayonini ifodalaydi.

Ushbu hamkorlikning izchil rivojlanishi mintaqaviy iqtisodiy bog‘liqlikni mustahkamlash, eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va Markaziy Osiyo davlatlarining jahon bozorlaridagi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish