Lyublyanadan munosabat: O‘mon portlari O‘zbekistonning xalqaro bozorlarga chiqishida muhim ahamiyatga ega
Noyabr 19, 2026. 11:00 • 2 daq
• 5
LYUBLYANA, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. Sloveniya Yangi universitetining xalqaro munosabatlar kafedrasi dots.nti Denis Manchevich “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 16-17-noyabr kunlari O‘mon Sultonligiga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning O‘mon Sultonligiga davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini yanada kengaytiradi.
O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi munosabatlar bugungi kunda investitsiya, savdo, transport-logistika va sanoat sohalarini qamrab olgan holda strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish uchun mavjud iqtisodiy salohiyat, ayniqsa, O‘zbekistonning dengiz portlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston–O‘mon hamkorligining eng muhim ustunliklaridan biri investitsiyaviy aloqalarning institutsional asoslari shakllanayotganidir. Xususan, O‘zbekiston–O‘mon investitsiya kompaniyasining faoliyati va umumiy qiymati qariyb 1 milliard AQSh dollariga yaqin bo‘lgan loyihalar portfeli ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Hamkorlikning yana bir strategik yo‘nalishi transport va logistika sohasidir. Dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun O‘mon Hind okeani, Fors ko‘rfazi mamlakatlari hamda Sharqiy Afrika bozorlariga chiqishda muhim logistik nuqtaga aylanishi mumkin.
“Asyad” kompaniyalar guruhining O‘zbekistondagi logistika obyektlariga investitsiya kiritishi, Toshkent va Maskat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi ushbu yo‘nalishdagi amaliy qadamlar hisoblanadi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy kelishuvlarni amalga oshirish faqat investitsiya va savdo aloqalarini kengaytirish bilan cheklanmasligi lozim. Buning uchun transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, muqobil logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarur.
Umuman olganda, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi hamkorlik ikki tomonlama iqtisodiy manfaatlar doirasidan ancha keng strategik ahamiyatga ega. O‘mon O‘zbekiston uchun Hind okeani va xalqaro bozorlarga chiqishda muhim hamkor bo‘lishi, O‘zbekiston esa O‘mon uchun Markaziy Osiyo bozoriga kirish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi