Moskvadan munosabat: O‘zbekiston–O‘mon o‘rtasida investitsiya, logistika va iqtisodiy sheriklikning yangi istiqbollari belgilanmoqda
Noyabr 19, 2026. 14:00 • 3 daq
• 127
MOSKVA, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti Yaqin Sharq tadqiqotlari markazining kichik ilmiy xodimi Stanislav Lazovskiy “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 16–17-noyabr kunlari O‘mon Sultonligiga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘mon Sultonligiga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlardagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Xususan, so‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ramziy ko‘rsatkich tashkil etayotgan edi. Bugun esa Ikki tomonlama iqtisodiy o‘sish salohiyatini kelgusida yanada oshirish, ishbilarmonlar o‘rtasida yirik investitsiyaviy va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida izchil chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Mazkur tashrifning asosiy o‘ziga xosligi iqtisodiy loyihalarning ustuvorligidadir. O‘zbekiston uchun bu, eng avvalo, barqaror va uzoq muddatli investitsiya kapitaliga ega bo‘lish demakdir.
Xususan, “O‘zbekiston–O‘mon” investitsiya kompaniyasi 2009-yildan buyon 256 million dollardan ortiq mablag‘ kiritgan bo‘lib, uning umumiy investitsiya portfeli qiymati 5 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 35 ga yaqin loyihani o‘z ichiga oladi.
Tashrif davomida yangi bitimlar imzolanganini inobatga olsak, bu Toshkent uchun infratuzilma va sanoatga yo‘naltirilgan uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatini anglatadi. Vaholanki, bunday investitsiyalarni bozor sharoitlarida jalb qilish ancha mushkul.
O‘monning “Asyad Group” kompaniyasi tomonidan Toshkentdagi quruq portlarning nazorat paketlarini sotib olinishi ham muhim ahamiyatga ega. Bu O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron–O‘mon transport yo‘lagini rivojlantirishga qo‘shimcha turtki beradi. Mazkur yo‘lak, o‘z navbatida, O‘zbekistonga O‘monning Dukm, Sohar va Salola portlariga chiqish imkonini yaratadi.
Energetika, geologiya, qurilish va raqamli texnologiyalar sohalaridagi qo‘shma loyihalar O‘zbekistonga nafaqat moliyaviy mablag‘larni, balki zamonaviy texnologik yechimlar va ekspertlik tajribasini ham olib keladi.
O‘mon va O‘zbekiston aviakompaniyalari o‘rtasida parvozlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha imzolanishi mumkin bo‘lgan kelishuvlarni ham qayd etish joiz. O‘zbekiston turizm sohasi uchun bu Fors ko‘rfazi davlatlaridan badavlat sayyohlarni jalb qilish hamda mamlakatning sayyohlik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlar O‘zbekistonga barqaror va uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish, O‘mon portlariga chiqish hamda mahalliy sanoat uchun yangi texnologik yechimlarni o‘zlashtirish imkonini beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi