Xorijda O‘zbekiston Davlat bayrog‘i kuni keng nishonlandi
Noyabr 19, 2026. 12:00 • 2 daq
• 95TOSHKЕNT, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan dunyoning qator mamlakatlarida ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Ozarbayjon, Fransiya, Belarus va Niderlandiyada o‘tkazilgan tadbirlarda milliy ramzlarimiz targ‘ib qilinib, xorijiy jamoatchilikka mamlakatimizning tarixi, madaniyati va qadriyatlari haqida ma’lumot berildi.
Ozarbayjon tillar universitetida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining mushtarak tarixi, tili va madaniyatiga to‘xtalib o‘tildi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va madaniy hamkorlik aloqalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida erishilgan natijalar, Bokuda “Study in Uzbekistan” ko‘rgazmasining tashkil etilishi hamda mamlakatimizda tahsil olayotgan ozarbayjonlik talabalar soni ortib borayotgani qayd etildi.
Parij shahrida O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi diplomatlari va faol o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida aksiya o‘tkazildi.
Tadbirda shahar aholisi va mehmonlari o‘rtasida O‘zbekiston Davlat bayrog‘i, uning ranglari va ramzlari haqida so‘rovnoma tashkil etildi. Tadbir davomida ishtirokchilarning fikr va javoblari aks etgan maxsus videorolik tayyorlandi.
Minsk shahrida Madaniyatlararo hamkorlik alyansi hamda Belarus adabiyoti tarixi davlat muzeyi hamkorligida tantanali madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda diplomatik korpus vakillari, madaniyat muassasalari xodimlari, talabalar va vatandoshlar ishtirok etdi.
Mehmonlarga o‘zbek xalqining tarixi, adabiyoti va musiqiy merosi namoyish qilindi. Jumladan, Zahiriddin Muhammad Boburning g‘azal va ruboiylari turli tillarda o‘qilib, o‘zbek milliy qo‘shiq va raqslari ijro etildi.
Niderlandiyaning Eyndxoven shahrida ham O‘zbekiston Davlat bayrog‘i kuniga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda o‘zbekistonlik vatandoshlar, mahalliy aholi va bolalar ishtirok etib, bayrog‘imizning tarixi, ranglari va ramziy ma’nosi bilan tanishdi. Ayniqsa, bolalar o‘rtasida O‘zbekiston Davlat bayrog‘ini tasvirlash bo‘yicha ijodiy tanlov tashkil etildi.
G‘oliblarga elchixona nomidan faxriy yorliqlar topshirildi.
Ushbu tadbirlar xorijda O‘zbekistonning milliy ramzlari, boy tarixi va madaniyatini keng targ‘ib etish, yosh avlodda Vatanga muhabbat va milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlash, mamlakatimizning xalqaro aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




