O‘zbekiston Antalyada o‘tkazilgan COP31 konferensiyasida global iqlim muammolarini yumshatish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi
Noyabr 19, 2026. 14:30 • 3 daq
• 30ISLOMOBOD, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokiston ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha COP31 konferensiyasidagi ishtiroki, shuningdek, ekologik, iqlim va suv muammolariga bag‘ishlangan maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nufuzli “The Diplomatic Insight” nashrida O‘zbekistonning xalqaro iqlim diplomatiyasi va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish sohasidagi tashabbuslari haqida maqola e’lon qilindi. Unda qayd etilishicha, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish nafaqat ekologik zaruratga, balki davlatlarning iqtisodiy raqobatbardoshligi, energetika xavfsizligi va xalqaro hamkorlik salohiyatini belgilovchi muhim omilga aylandi. Nashr fikricha, COP31 O‘zbekiston uchun iqlim diplomatiyasidagi o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash, “yashil” investitsiyalarni jalb etish va barqaror iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish borasida yangi imkoniyatlar ochadi.
“Global News Pakistan” axborot agentligi esa O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyevning “Iqlim o‘zgarishi va suv resurslari: O‘zbekistonning yangi yondashuvlari” sarlavhali maqolasini joylashtirdi. Muallif Antalyadagi anjuman xalqaro hamjamiyatga mamlakatimizning iqlim o‘zgarishiga moslashish, suvdan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash borasidagi amaliy tajribasini taqdim etish imkonini berishini ta’kidlaydi. Maqolada Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, suv resurslarini boshqarish va mintaqaviy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilgan. Xususan, “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini ishga tushirish taklifi hamda 2026–2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish tashabbusi alohida qayd etilgan.
“The World News” onlayn-nashrida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyatiga oid sharhlar hamda COP31 doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar haqida axborot materiallari berildi.
Bundan tashqari, “The World News” nashrida O‘zbekiston Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi yetakchi mutaxassisining “Yashil” logistika: global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda O‘zbekiston va Turkiya hamkorligining o‘rni” nomli maqolasi e’lon qilindi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning to‘qqiz oyi davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi yuk tashish hajmi 700 ming tonnani tashkil etgan bo‘lib, uning 80 foizdan ortig‘i avtomobil transporti hissasiga to‘g‘ri keladi. 2026-yil 29-yanvar kuni Anqarada ikki davlat transport vazirliklari o‘rtasida xalqaro transport yo‘laklari bo‘yicha imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi alohida ta’kidlanib, unda “yashil” transport yechimlari hamkorlikning mustaqil yo‘nalishi sifatida belgilangani qayd etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



