O‘zbekiston va Gruziya: tarixiy do‘stlikdan strategik hamkorlik sari
Iyul 02, 2026. 08:10 • 5 daq
• 197
TOSHKENT, 2-iyul /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-3-iyul kunlari davlat tashrifi bilan Gruziyada bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi munosabatlar ko‘p asrlik tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, bugungi kunda siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda izchil rivojlanib bormoqda.
Ikki mamlakatni nafaqat qadimiy savdo yo‘llari, balki o‘zaro hurmat, ishonch va manfaatlarga asoslangan hamkorlik ham bog‘lab turadi. Keyingi yillarda oliy darajadagi tashriflar, savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishi va madaniy muloqotlarning faollashuvi ikki davlat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1994-yil 19-avgust kuni o‘rnatilgan. Shundan buyon ikki tomonlama siyosiy muloqot izchil rivojlanib kelmoqda. 1995-yil sentabrida o‘zaro munosabatlarning asosiy huquqiy hujjati hisoblangan Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.
So‘nggi yillarda davlat va hukumat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam uchrashuvlar siyosiy ishonchni yanada mustahkamladi. Ayniqsa, 2022-2025-yillarda ikki mamlakat Prezidentlari darajasidagi muzokaralar, Bosh vazirlarning o‘zaro rasmiy tashriflari, Hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishlari hamda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar hamkorlikka yangi surʼat bag‘ishladi.
2025-yil 5-mart kuni davlatimiz rahbari mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-logistika, turizm va madaniyat sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Parlamentlar va hukumatlar darajasidagi aloqalar faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Parlamentlararo hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Oliy Majlisda Gruziya parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh faoliyat yuritadi. Gruziya vakillari O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Prezident va parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasida erkin savdo rejimi amal qiladi. Bu esa tovar ayirboshlash hajmining muttasil o‘sishiga xizmat qilmoqda.
So‘nggi besh yil ichida tovar ayirboshlash hajmi ikki yarim baravarga oshdi, qo‘shma korxonalar soni va yuk aylanmasi ko‘paydi.
Mamlakatimizda gruziyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan raqamli bank faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, 2025-yil iyun oyida Tbilisi shahrida “Made in Uzbekistan” milliy ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat, mashinasozlik va boshqa sohalardagi yuzdan ortiq yetakchi o‘zbek korxonalari ishtirok etdi.
Ikki mamlakat hamkorligida tranzit va transport-logistika masalalari alohida o‘rin tutadi. Joriy yil iyun oyida Gruziyaning Axalkalaki shahrida yangilangan “Boku–Tbilisi–Kars” temir yo‘li ochilishining rasmiy marosimi o‘tkazildi. Istiqbolda mazkur transport yo‘lagining bunyod etilayotgan “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li bilan uyg‘unlashuvi mamlakatlarimizning tranzit salohiyatini yanada oshishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi madaniy munosabatlar ham boy anʼanalarga ega. Mamlakatlar muntazam ravishda kino kunlari, madaniy festivallar, ilmiy va taʼlim sohasidagi tadbirlarni tashkil etib kelmoqda.
O‘tgan yili Tbilisi shahrida O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari, joriy yilda esa Toshkent shahrida Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Taniqli gruzin shoir Shota Rustaveli nomiga berilgan poytaxtmizning markaziy ko‘chalaridan biri va unda bunyod etilgan haykal ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining mustahkamligidan dalolat beradi.
2025-yilda Tbilisi shahar kengashi qaroriga muvofiq Gruziya poytaxtidagi istirohat bog‘laridan biri buyuk o‘zbek mutafakkiri va davlat arbobi Alisher Navoiy nomi bilan ataldi. Bu ikki xalqning bir-birining tarixi va madaniyatiga bo‘lgan yuksak hurmatining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Bugungi kunda Toshkent–Tbilisi hamda Toshkent–Batumi yo‘nalishlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilayotgani sayyohlik va ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonda to‘rt mingga yaqin gruzin millati vakillari istiqomat qiladi. 1994-yildan buyon Toshkent shahrida “Megobroba” (“Do‘stlik”) gruzin milliy madaniy markazi faoliyat yuritib kelmoqda.
Taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston va Gruziya xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar ildizi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Antik mualliflar Xorazm bilan Kolxida o‘rtasida Amudaryo va Kaspiy dengizi orqali savdo aloqalari mavjud bo‘lganini qayd etgan.
Buyuk ipak yo‘li shakllanganidan keyin, ayniqsa VI asrdan boshlab Samarqand, Buxoro va Xorazm orqali Kavkaz hamda Vizantiyaga olib boruvchi muhim savdo yo‘nalishi vujudga keldi. XII asrda yaratilgan Shota Rustavelining mashhur “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostonida ham Xorazm tilga olinadi. Bu esa o‘rta asrlardagi Gruziya bilan Markaziy Osiyo o‘rtasida chuqur tarixiy, madaniy va savdo aloqalari mavjud bo‘lganidan dalolat beradi.
Keyinchalik ham gruzin millatiga mansub shaxslar O‘zbekiston hayotida faol ishtirok etgan. Ular orasida tadbirkorlar, meʼmorlar, olimlar, sanʼatkorlar va shifokorlar bo‘lgan. Toshkentdagi mashhur “Kolizey” teatrini qurdirgan tadbirkor Georgiy Sinsadze, O‘zbekiston arxeologiya fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan akademik Eduard Rtveladze kabi shaxslar ikki xalq do‘stligining yorqin timsollari hisoblanadi.
Ayniqsa, akademik Eduard Rtveladzening O‘zbekiston tarixi va Buyuk ipak yo‘lini o‘rganishga bag‘ishlangan yuzlab ilmiy ishlari, Surxondaryodagi qadimgi shahar o‘rnini aniqlashdagi mehnatlari jahon ilm-fanida katta voqea sifatida eʼtirof etilgan.
Xulosa o‘rnida taʼkidlash joizki, bugungi murakkab xalqaro sharoitda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch, ochiq muloqot va amaliy hamkorlik asosida izchil rivojlanmoqda. Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, faol iqtisodiy va gumanitar aloqalar, boy tarixiy meros o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shubhasiz, bunday keng ko‘lamli aloqalar, turli uchrashuv va muloqotlar kelgusida savdo, transport, investitsiya, turizm, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi