“Sahm News”: O‘zbekiston yetakchisi 2026-yilga mo‘ljallangan taraqqiyotning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi
Dekabr 30, 2025. 11:06 • 4 daq
• 19
AR-RIYOZ, 29-dekabr. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining nufuzli “Sahm News” nashri muxbiri Abdulhamid Hamid Abdulloh al-Kubbi “Dunyo” AA uchun intervyusida O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlis va xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi haqida fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlament va mamlakatning ko‘p millatli xalqiga murojaat qilib, unda 2025-yil yakunlarini sarhisob qildi va 2026-yilga mo‘ljallangan taraqqiyotning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Murojaatnoma dasturiy xarakterga ega bo‘lib, unda keyingi to‘qqiz yil davomida amalga oshirilayotgan demokratik va iqtisodiy islohotlarning izchilligi, Yangi O‘zbekistonni ochiq, barqaror va ijtimoiy yo‘naltirilgan davlatni barpo etish yo‘li aks ettirilgan.
Prezident so‘zining avvalida o‘tgan yillar davomida islohotlar har bir inson, har bir oila, har bir mahalla hayotida sezilganini taʼkidladi. Bular shahar va qishloqlarimiz qiyofasini o‘zgartirish, zamonaviy maktab, bog‘cha va shifoxonalar barpo etish, transport-logistika tizimi va raqamli xizmatlarni rivojlantirishda o‘z ifodasini topmoqda.
Murakkab xalqaro vaziyat, global iqtisodiy ziddiyatlar va xavfsizlikka tahdidlar kuchayib borayotganiga qaramay, 2025-yilda O‘zbekiston uchun ulkan yutuqlar yili bo‘ldi. Bu yutuqlarga xalqning faol qo‘llab-quvvatlashi, yoshlarning kuch-g‘ayrati va shijoati, mahallaning fuqarolik jamiyatining noyob instituti sifatidagi roli oshgani, tadbirkorlar, fermer va dehqonlarning tashabbuskorligi, vazmin va do‘stona tashqi siyosat tufayli erishildi.
Iqtisodiy sohada barqaror rivojlanish qayd etildi. Mamlakat tarixida ilk bor yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan oshdi, holbuki, to‘qqiz yil avval bu ko‘rsatkich qariyb 100 milliardni tashkil etardi. Eksport 23 foizga o‘sib, 33,4 milliard dollarga yetdi, oltin-valyuta zaxiralari 60 milliard dollardan oshdi, jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarni tashkil etib, yalpi ichki mahsulotning 31,9 foiziga teng bo‘ldi.
Prezident bu ko‘rsatkichlar xalqaro hamjamiyat va nufuzli moliya institutlari tomonidan eʼtirof etilayotganini taʼkidladi. Xususan, O‘zbekistonning suveren kredit reytingi “BB-“ darajasidan “BB” darajasiga ko‘tarildi. Bu qarz olish xarajatlarini kamaytirish va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Infratuzilma sohasida ham katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish 85 milliard kilovatt-soatga yetkazildi, yuz minglab xonadonlar toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi, millionlab kvadrat metr uy-joylar, ijtimoiy va tijorat infratuzilmasi obyektlari barpo etildi. So‘nggi to‘qqiz yilda mamlakatimizda jami 210 million kvadrat metr turar va noturar joy obyektlari barpo etildi.
Murojaatnomada ijtimoiy siyosatga alohida eʼtibor qaratildi. 2025-yilda yana 5 million kishida daromad manbai paydo bo‘ldi, ishsizlik darajasi 4,9 foizga, kambag‘allik darajasi esa 5,8 foizga kamaydi. 1 million 500 mingga yaqin fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi, 1 ming 435 ta mahallaga ilk bor kambag‘allikdan holi hudud maqomi berildi. 2026-yilgacha belgilangan kambag‘allikni 2 barobarga qisqartirish maqsadiga muddatidan oldin erishildi.
Prezident o‘zbekistonlik sportchilar va yoshlarning muvaffaqiyatlarini ham qayd etdi. Futbol bo‘yicha milliy terma jamoa tarixda ilk bor jahon chempionatiga yo‘l olgani tarixiy voqea bo‘ldi. Shaxmat bo‘yicha ham katta yutuqlarga erishildi, Javohir Sindarov jahon kubogida g‘olib bo‘ldi, xalqaro olimpiada va paralimpiya musobaqalarida ko‘plab medallar qo‘lga kiritildi.
Xalqaro maydonda O‘zbekiston faol muloqot maydoni sifatida o‘z mavqeini mustahkamladi. 2025-yilda mamlakat Parlamentlararo ittifoqning yubiley assambleyasi, YUNESKO tadbirlari, “Markaziy Osiyo - Yevropa ittifoqi” sammiti, Xalqaro iqlim forumiga mezbonlik qildi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan tarixiy hujjatlar, Yevropa Ittifoqi bilan kengaytirilgan sheriklik to‘g‘risida bitimlar imzolandi, Yaponiya va AQSH bilan muhim kelishuvlarga erishildi.
Prezident 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatning yuksalish yili” deb eʼlon qilib, mahalla ijtimoiy hamjihatlik, birdamlik va barqarorlik poydevori bo‘lib qolishini taʼkidladi. Buning uchun 9 mingdan ziyod mahallani mehr-oqibat, adolat, taʼlim va ijtimoiy ko‘mak maskaniga aylantirish bo‘yicha alohida davlat dasturi qabul qilinadi.
Murojaatnomada 2026-yilga mo‘ljallangan oltita asosiy ustuvor yo‘nalish, jumladan, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion modelga o‘tkazish, ichki talabni rag‘batlantirish, mehnat bozori va professional taʼlim tizimini isloh qilish, ekologik muvozanat va “yashil” energetikani taʼminlash, davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini yanada modernizatsiya qilish vazifalari belgilab berildi.
Prezident mamlakatimizning strategik maqsadi - daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish ekanini taʼkidladi. Prognozlarga ko‘ra, 2026-yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 167 milliard dollarga yetadi, 2030-yilga borib esa 240 milliard dollardan oshishi mumkin.
Shavkat Mirziyoyev Murojaatnomani yakunlar ekan, barchani hamjihatlik va birdamlikka chaqirdi: “Agar biz hamjihat bo‘lib, yagona xalq, yagona millat bo‘lib olg‘a intilsak, ko‘zlagan ulug‘ maqsadlarimizga albatta yetamiz. Men mard va olijanob xalqimizga ishonaman”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi