Logo

Tokioda O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga rasmiy tashrifi yakunlari va erishilgan kelishuvlar yuzasidan brifing o‘tkazildi

Dekabr 28, 2025. 14:08 • 3 daq

300
Tokioda O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga rasmiy tashrifi yakunlari va erishilgan kelishuvlar yuzasidan brifing o‘tkazildi

TOKIO, 28-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida davlatimiz rahbarining 18–20-dekabr kunlari Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari va erishilgan kelishuvlar yuzasidan brifing tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi, Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO), Yaponiyaning Rossiya va yangi mustaqil davlatlar bilan savdo bo‘yicha uyushmasi, Yaponiya xalqaro aloqalar instituti, tahlil markazlari va oliy taʼlim sohasi vakillari ishtirok etdi.

Brifing avvalida O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov davlat rahbarining Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi barcha sohalardagi uchrashuv va tadbirlarni qamrab olganini taʼkidlab, bu tashrif o‘zbek-yapon strategik hamkorligi tarixida yangi sahifa ochganini taʼkidladi.

Tadbir ishtirokchilariga rasmiy tashrif mobaynida Yaponiya Imperatori, Bosh vaziri, parlamentning ikki palatasi rahbariyati va hukumat aʼzolari, shuningdek, ishbilarmon doiralar va akademik hamjamiyat vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha maʼlumotlar taqdim qilindi.

Brifing yakunida Yaponiya tomoni vakillari O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ikki tomonlama hamkorlikni yana-da mustahkamlashga intilishlarini qayd etdilar.

Yaponiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi (1999-2002-yy.), Yaponiya parlamentining maslahatchilar palatasi sobiq deputati Kyoko Nakayama:

- O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga rasmiy tashrifini katta qiziqish bilan kuzatdim. Oliy darajadagi uchrashuvlar, ikki tomonlama muzokaralar va erishilgan kelishuvlar ushbu tashrifni munosabatlarimiz uchun tarixiy voqeaga aylantirdi. Markaziy Osiyodagi hozirgi siyosiy vaziyat men O‘zbekistonda ishlagan davrimdan ancha farq qiladi. Ammo O‘zbekiston rahbariyatining siyosiy irodasi va tashabbuslari, yaxshi qo‘shnichilik siyosati mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga imkon berdi.

“Tokyo Foundation” jamg‘armasi ijrochi direktori Mari Suzuki:

- O‘tkazilgan muzokaralarda har ikki tomonning ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va kengaytirishga intilishi yaqqol namoyon bo‘ldi. Joriy yil sentyabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada shaxsan ishtirok etib, mamlakatingiz demokratik islohotlar va aholini qo‘llab-quvvatlash borasida ilgarilab borayotganiga guvoh bo‘ldim.

Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkilotining (JETRO) Global strategiya departamenti direktori Kuniya Asamoto Kuniya Asamoto so‘nggi yillarda Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada rivojlanganini taʼkidladi.

- So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalari soni ikki barobarga oshdi, - dedi JETRO vakili. - Yaponiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari mamlakat iqtisodiyotida, ayniqsa, energetika, axborot texnologiyalari, sanoat, xizmat ko‘rsatish va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda muhim rol o‘ynay boshladi.

Yaponiya sayyohlik agentliklari uyushmasi (JATA) ijrochi direktori Xiroshi Tanimura ham turizm sohasida sezilarli yutuqlarga erishilganini qayd etdi.

- Turizm infratuzilmasi yaxshilanishi bilan O‘zbekiston sayyohlar uchun eng jozibador yo‘nalishlardan biriga aylandi, - dedi u. - 2025-yilda O‘zbekistonga tashrif buyuradigan yaponiyalik sayyohlar soni 30 ming nafardan oshishi tarixiy yutuqdir.

Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarini o‘rganish instituti ijrochi direktori Tetsudji Tanakaning so‘zlariga ko‘ra O‘zbekiston Prezidentining tashrifi mamlakatning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

- Ushbu tashrif O‘zbekistonning global siyosat va iqtisodiyotdagi o‘rnini mustahkamlab, kelgusi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochdi, - dedi ekspert.

Shunday qilib, davlatimiz rahbarining Yaponiyaga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, siyosiy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, turizm sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishda muhim qadam bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Samandar Xodjiyev

samandar@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish