O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni elchisini qabul qildi
Dekabr 29, 2025. 18:46 • 2 daq
• 2
TOSHKENT, 29 dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Saudiya Arabistoni elchisi Yusuf al-Utaybiyni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti elchining samarali faoliyatini hamda O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi har tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida taʼkidladi.
Turli darajalarda tizimli muloqot va faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi va qo‘shma korxonalar soni jadal o‘sib bormoqda. Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari bilan loyihalar portfeli 27 milliard dollardan oshdi.
“Yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa ustuvor sohalarda loyiha hamda tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi. Joriy yilning oktyabr oyida Saudiya Arabistonida O‘zbekiston madaniyati kunlari yuqori saviyada o‘tkazildi. Mamlakatimiz Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Xalqaro kitob ko‘rgazmasida ishtirok etdi.
O‘zbekiston yetakchisi Saudiya Arabistoni Hukumatiga fuqarolarimizning Haj va Umra amallarini ado etishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Yusuf al-Utaybiyga O‘zbekiston – Saudiya do‘stlik va ko‘p tomonlama sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
Elchi uning diplomatik missiyasiga berilgan yuksak baho hamda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik rivojini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mamlakatimiz yetakchisiga chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi