Sloveniyadan munosabat: O‘zbekiston TDTning eng muhim yetakchilaridan biriga aylanmoqda

Noyabr 09, 2026. 12:30 • 3 daq

• 36
Sloveniyadan munosabat: O‘zbekiston TDTning eng muhim yetakchilaridan biriga aylanmoqda

LYUBLYANA, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. Sloveniya Yangi universitetining xalqaro munosabatlar kafedrasi dots.nti Denis Manchevich “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi hamda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning 13-sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– So‘nggi yillarda jahon miqyosida tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan an’anaviy ko‘p tomonlama tuzilmalar tobora falajlanib, o‘z vazifalarini bajara olmay, murakkab masalalarga munosib javob bera olmayapti.

Shu bilan birga, faqat ikki tomonlama yondashuvni ma’qul ko‘radigan siyosiy kuchlarning nufuzi ortmoqda. Bunday dinamika xolis baholanganda, dunyoning yirik qudratli davlatlari manfaatlariga xizmat qiladi.

Mazkur sharoitda TDTning ahamiyati faqat umumiy tarixiy ildizlar va mushtarak madaniyatga asoslangan o‘zaro integratsiya doirasidan iborat bo‘lib qolmaydi. Tashkilotning asl strategik qimmati shundaki, u XXI asrda xalqaro munosabatlarning tayanch modeli sifatida xizmat qilishi lozim.

O‘zaro yaqin hamkorlik qilayotgan mintaqaviy tashkilotlar bir xil qarashlarga ega davlatlarga zamonaviy asimmetrik chaqiriqlar, xususan, savdoning siyosiy bosim vositasiga aylantirilishi, migratsiya yuklamalari va tobora ortib borayotgan xavfsizlik tahdidlariga birgalikda qarshi turish imkonini beradi.

Bugungi kunda ushbu omillar nafaqat tinchlik va barqarorlikka raxna solmoqda, balki davlatlarning xalqaro subyekt sifatidagi mavqei, suvereniteti, rivojlanish salohiyati va hatto mavjudligiga ham bevosita xavf tug‘dirmoqda.

Anqaradagi sammit yakunlari alohida ahamiyat kasb etadi: O‘zbekiston endilikda TDT faoliyatida shunchaki qatnashibgina qolmay, balki tashkilotning nufuzli yetakchilaridan biri sifatida maydonga chiqmoqda. Buni qator muhim qarorlar ham tasdiqlaydi.

O‘zbekiston vakili Mirvohid Azimovning TDTning yangi bosh kotibi etib rasman tayinlanishi hamda tashkilotning 14-sammitini 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror Toshkentga kelgusi kun tartibini shakllantirish jarayonida bevosita ma’muriy va siyosiy jihatdan yetakchilik qilish imkoniyatini ta’minlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 100 ta qo‘shma sanoat loyihasini amalga oshirishga doir tashabbusini hamkorlikning amaliy va istiqbolga yo‘naltirilgan “yo‘l xaritasi” sifatida ko‘rish mumkin. O‘zbekiston strategik muhim mineral resurslar, “yashil” energetikaga o‘tish hamda “Turkiy sanoat zonalari”ni barpo etishga alohida e’tibor qaratgan holda mintaqaning asosiy sanoat markazlaridan biri sifatidagi mavqeini jadal mustahkamlamoqda.

O‘zbekistonning Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi – O‘rta yo‘lakni rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha tutgan faol pozitsiyasi ham prinsipial ahamiyatga ega. Dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakat uchun an’anaviy transport yo‘nalishini chetlab o‘tib, Yevropa bozorlari bilan ishonchli va mustaqil transport aloqalarini ta’minlash iqtisodiy xavfsizlik hamda ko‘p vektorli tashqi siyosatning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.

Erishilgan kelishuvlar kelgusidagi hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratayotgan bo‘lsa-da, iqtisodiy kengayish salohiyati hozircha to‘liq ro‘yobga chiqarilmagan. Integratsiya jarayonlarining ijobiy sur’atiga qaramasdan, O‘zbekistonning TDTga a’zo boshqa davlatlar bilan savdo aylanmasi hajmi hamon kamtarona darajada.

“100 ta sanoat loyihasi” dasturini amalda ro‘yobga chiqarish hamda yangi soddalashtirilgan bojxona koridorlarini joriy etish erishilgan siyosiy hamjihatlik va ezgu niyatlarni aniq natijalarga aylantirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada oshirish hamda tashkilot doirasida transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish