Rossiyaning Leningrad viloyatida o‘zbekistonlik jangchilar xotirasiga bag‘ishlangan stela ochildi

Noyabr 09, 2026. 10:30 • 2 daq

•
Rossiyaning Leningrad viloyatida o‘zbekistonlik jangchilar xotirasiga bag‘ishlangan stela ochildi

SANKT-PЕTЕRBURG, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning Leningrad viloyatidagi “Sinyavino balandliklari” yodgorlik majmuasida 1941–1944-yillarda Leningrad mudofaasida qatnashgan o‘zbekistonlik jangchilarga bag‘ishlangan yodgorlik stelasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Sankt-Peterburg hukumati va Leningrad viloyati ma’muriyati vakillari, jamoat arboblari hamda vatandoshlar ishtirok etdi.

Marosim davomida stela muallifi, asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Leningrad viloyati Qonunchilik majlisi deputati Rodion Kimga, Sankt-Peterburgdagi O‘zbek madaniyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish markazi mintaqaviy jamoat tashkiloti hamda Leningrad viloyati Tashqi aloqalar qo‘mitasiga mazkur loyihani amalga oshirishda ko‘rsatgan yordami uchun alohida minnatdorlik bildirildi.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida o‘rnatilgan mazkur yodgorlik Ikkinchi jahon urushi yillarida Leningrad viloyati hududida qahramonlarcha jang qilgan o‘zbekistonlik jangchilar xotirasini abadiylashtiradi.

Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenkoning ta’kidlashicha, ushbu yodgorlik stelasi ikki xalqning umumiy tarixi va buyuk G‘alaba bilan mustahkamlangan do‘stlik ramzidir.

Yodgorlikning ochilishi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi umumiy tarixiy xotirani asrab-avaylash hamda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash borasidagi tizimli ishlar yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish