Antaliyadagi COP31 iqlim bo‘yicha majburiyatlarni bajarish va xalqaro hamkorlik masalalariga e’tibor qaratadi
Noyabr 11, 2026. 08:10 • 5 daq
• 200
TOSHKENT, 11-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Antaliya shahrida o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) tadbirlari doirasidagi Butunjahon yetakchilar sammitida ishtirok etish uchun ikki kunlik amaliy tashrif bilan Turkiyaga bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur global sammit Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida o‘tkaziladi. Konferensiya dasturidan vazirlar muloqotlari, biznes-forumlar, yoshlar tadbirlari hamda iqlim kun tartibining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha mavzuli sessiyalar o‘rin olgan.
Konferensiya global iqlimiy xatarlarni muhokama qilish va amaliy yechimlar ishlab chiqish uchun davlatlar, xalqaro tashkilotlar, biznes doiralari hamda moliya institutlari vakillarini bir maydonga jamlaydi.
Siyosiy majburiyatlarni aniq amaliy harakatlarga aylantirish konferensiyaning asosiy ustuvor vazifasi bo‘ladi. Kun tartibi markazida iqlimni moliyalashtirish, issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish, energetik o‘tish, global isishga moslashish hamda zaif davlatlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari turadi.
Global isishni 2°C dan ancha past darajada ushlab turish hamda 1,5°C darajasida cheklashga qaratilgan Parij bitimining ijrosiga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda. Iqlimni moliyalashtirish hamon eng murakkab masalalardan biri sifatida qolmoqda.
Bokudagi COP29 sammitida davlatlar 2035-yilga qadar rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yiliga kamida 300 milliard dollar safarbar qilish, davlat va xususiy manbalardan jalb etiladigan umumiy moliyalashtirish hajmini 1,3 trillion dollargacha yetkazishga kelishib olgan edi.
Shu bilan birga, mamlakatlar davlat va xususiy moliyalashtirish, jumladan, grantlar va imtiyozli kreditlarning maqbul mutanosibligini muhokama qilishni davom ettirmoqda. Iqlim o‘zgarishiga moslashish, tashlamalarni kamaytirish va davlatlar o‘rtasida mas’uliyatni taqsimlash masalalari ham diqqat markazida qolmoqda.
Turkiya raisligi COP31ning o‘nta ustuvor yo‘nalishini belgilab berdi. Bular qatoriga toza energetika, chiqindilar va metan miqdorini kamaytirish, barqaror shaharlar, “yashil” sanoatlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash hamda ekotizimlarni asrash masalalari ham kiritilgan. Milliy iqlim rejalarini amaliy natijalarga aylantira oladigan investitsiyaviy loyihalarni tayyorlashga alohida urg‘u berilgan.
Iqlim muzokaralari Markaziy Osiyo uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, mintaqa yerlarning jadal degradatsiyasi, suv resurslarining qisqarishi va muzliklarning erishi muammolariga duchkelmoqda.
Braziliyaning Belen shahrida o‘tgan COP30da O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Markaziy Osiyodagi yerlarning 20 foizdan ortig‘i degradatsiyaga uchragani, mintaqada o‘rtacha harorat allaqachon 2,2°C ga ko‘tarilganini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan suv miqdori qariyb ikki baravarga qisqargan, mintaqa muzliklar hajmining deyarli30 foizini yo‘qotgan.
Ushbu xatarlarning ko‘lami mintaqa mamlakatlari birgalikda, hamjihatlik bilan harakat qilishi zarurligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Suv resurslarini asrash, yerlarni qayta tiklash, biologik xilma-xillikni saqlashhamda xalqaro iqlimiy moliyalashtirish vositalaridan keng foydalanish Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi uchun muhim ekologik vazifaga aylanmoqda.
O‘zbekiston xalqaro iqlim jarayonlarida bir necha o‘n yillardan buyon faol qatnashib kelmoqda. Mamlakat 1999-yilda Kioto protokoli, 2018-yilda Parij bitimini ratifikatsiya qilib, BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasiga a’zo bo‘lgan. O‘tgan davr mobaynida milliy iqlim siyosati yangi yo‘nalishlar va aniq maqsadli ko‘rsatkichlar bilan boyidi.
Xususan, 2025-yilning noyabrida mamlakat Milliy miqyosda belgilanadigan uchinchi hissasini taqdim etib, 2035-yilga borib YAIM birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlarining solishtirma tashlamalarini 2010-yil darajasiga nisbatan 50 foizga kamaytirish majburiyatini oldi.
Qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish – milliy ustuvor vazifalardan biridir. Kelgusi besh yilda uning o‘rnatilgan quvvatini 25 ming MVtga, umumiy ishlab chiqarishdagi ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan. “Yashil makon” dasturi doirasida o‘rmon maydonlarini 6,1 million gektar, jumladan, Orolbo‘yida 2,3 million gektarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Bokuda bo‘lib o‘tgan COP29da Prezident Shavkat Mirziyoyev iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda global hamkorlikni mustahkamlash, suv va genetik resurslarni asrash, barqaror qishloq xo‘jaligi hamda shaharlarni rivojlantirish, yoshlarning “yashil” tashabbuslarini ilgari surishga yo‘naltirilgan qator muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surgan edi.
Xususan, mamlakatimiz o‘z iqtisodiyotida “yashil” energetika ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilib qo‘ygan va 2050-yilga kelib iqlim bo‘yicha majburiyatlarini yana-da kengaytirish niyatida.
O‘zbekiston yetakchisi anjuman chog‘ida elektromobillar va “yashil” vodorod klasterlari, quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish muhimligini alohida ta’kidladi. Prezident mintaqa mamlakatlarining Mintaqaviy iqlim strategiyasi ustida birgalikda ish olib borayotgani hamda Yevropaga “yashil” elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha tashabbusini qayd etdi.
Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan sheriklik O‘zbekiston xalqaro hamkorligining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2026-yilning may–iyun oylarida Samarqand ushbu jamg‘armaning sakkizinchi Assambleyasiga mezbonlik qildi va uning yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston ilk bor donor davlatlar qatoriga kirdi. Bu mamlakatimizning xalqaro ekologik hamkorlikdagi ishtirokida yangi bosqichni boshlab berdi.
BMT tuzilmalari bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan loyihalar ana shunday amaliy hamkorlikning uzviy davomidir. GEFning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan to‘qqizinchi dasturiy sikli doirasida BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YUNYEP) ishtirokida Toshkent va Samarqand shaharlarida atmosfera havosi sifatini yaxshilash loyihasi ustida ish olib borilmoqda.
BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikning yana bir yo‘nalishi Markaziy Osiyodagi qor qoploni va tog‘ ekotizimlarini asrab-avaylashga qaratilgan. BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YUNIDO) bilan birgalikda energiya tejamkor sovutish tizimlarini rivojlantirish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur tashabbuslar bir yo‘la bir nechta muhim sohalar –bioxilma-xillikni muhofaza qilishdan tortib energiyadan oqilona foydalanish va iqlim o‘zgarishiga moslashishgacha bo‘lgan masalalarni qamrab oladi.
Shunday qilib, Butunjahon yetakchilari sammiti global iqlim majburiyatlarini bajarish bo‘yicha navbatdagi qadamlarni belgilash hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim maydonga aylanishi lozim.
Markaziy Osiyo uchun qabul qilinayotgan qarorlarda mintaqaviy ekologik tahdidlarning inobatga olinishi g‘oyat muhim bo‘lsa, O‘zbekiston uchun mazkur konferensiya o‘z tashabbuslarini ilgari surish va birgalikdagi yechimlarni izlashda sheriklik aloqalarini kengaytirish imkonini beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi