“Radio Bamberg”: Germaniya sog‘liqni saqlash sohasi uchun kadrlar tayyorlashda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor

Noyabr 15, 2026. 14:00 • 2 daq

• 16
“Radio Bamberg”: Germaniya sog‘liqni saqlash sohasi uchun kadrlar tayyorlashda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor

BERLIN, 15-noyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “Radio Bamberg” radiostansiyasi O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatovning Bamberg shahriga tashrifiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bamberg ijtimoiy rivojlanish fondi taklifi bilan tashkil etilgan tashrif doirasida diplomat mazkur muassasa vakillari, ishbilarmon doiralar hamda shahar meri Sebastian Nidermayer bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Qayd etilganidek, asosiy e’tibor sog‘liqni saqlash, ijtimoiy soha, malakali kadrlar tayyorlash va iqtisodiy aloqalarni kengaytirish yo‘nalishlaridagi hamkorlikka qaratildi. Tomonlar kasb-hunar va dual ta’lim, avtomobilsozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat sanoati va turizm sohalarida o‘zaro munosabatlar imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Bamberg va Noymarkt akademiyalari bosh direktori Mixael Shprings O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar taxminan uch yildan beri olib borilayotganini ta’kidladi. U, shuningdek, milliy sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishda o‘zbek tomonining nemis tajribasidan foydalanishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Bundan tashqari, Bamberg ijtimoiy rivojlanish fondi delegatsiyasining O‘zbekistonda bemorlarni parvarishlash va tibbiyot kadrlarini tayyorlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkaziladigan bo‘lajak konferensiyada ishtirok etishi muhokama qilindi.

Bamberg meri Sebastian Nidermayer robototexnika, sun’iy intellekt va sohaviy kompetensiyalarni rivojlantirish yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollariga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Radio Bamberg” ta’kidlaganidek, O‘zbekistonning salmoqli demografik salohiyati va yosh aholi tuzilmasi Germaniya bilan kasb-hunar ta’limi va malakali mutaxassislarni tayyorlash sohasidagi sheriklikni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish