Tokioda O‘zbekiston elchisi Yaponiya parlamenti deputati bilan uchrashdi

May 27, 2026. 13:25 • 2 daq

102
Tokioda O‘zbekiston elchisi Yaponiya parlamenti deputati bilan uchrashdi

TOKIO, 27-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Yaponiya Parlamenti Vakillar palatasi (quyi) deputati Keyji Furuya bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, parlamentlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida yaponiyalik deputat O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki davlat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqqanini alohida taʼkidladi. Shu bilan birga, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi oliy darajadagi sammiti Tokioning mintaqa mamlakatlari bilan ko‘p tomonlama hamkorligini mustahkamlash uchun muhim asos yaratgani qayd etildi.

Muloqot davomida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan tilga oldilar.

Bundan tashqari, uchrashuvda hududlararo aloqalarni kengaytirish, tibbiyot sohasidagi samarali hamkorlikni izchil davom ettirish hamda 2027-yilda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan qo‘shma tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Yaponiya munosabatlarini turli strategik yo‘nalishlarda yana-da kengaytirish bo‘yicha yaqin hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish