ASEAN davlatlaridan O‘zbekistonga keladigan ziyoratchilar oqimi sezilarli darajada ortadi

May 27, 2026. 10:25 • 2 daq

174
ASEAN davlatlaridan O‘zbekistonga keladigan ziyoratchilar oqimi sezilarli darajada ortadi
ASEAN davlatlaridan O‘zbekistonga keladigan ziyoratchilar oqimi sezilarli darajada ortadi

KUALA-LUMPUR, 27-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Xalqaro so‘fiylar kengashi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonning turizm salohiyatini, jumladan, “Umra plyus” turpaketlarini ASEAN mamlakatlari aholisi o‘rtasida keng targ‘ib qilish hamda respublikaga ziyoratchilar oqimini yana-da oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekistonning turizm salohiyatini, shu jumladan, “Umra plyus” turpaketlarini Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari aholisi orasida targ‘ib qilish masalalari, shuningdek, xorijiy ziyoratchilar sonini ko‘paytirish chora-tadbirlarini ko‘rib chiqdi. Tashkilot vakillariga mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ziyorat turizmi yo‘nalishining rivojlanishi va xorijiy mehmonlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida maʼlumot taqdim etildi.

Xalqaro so‘fiylar kengashi fatvo komissiyasi raisi Buya Mahyuzil Rahmat tashkilot delegatsiyasining 2026 yil aprel oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida, Samarqanddagi yangilangan Imom Buxoriy majmuasida va mamlakatdagi boshqa islomiy qadamjolarda bo‘lganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, safar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirgan.

Tashrif yakunida Xalqaro so‘fiylar kengashi O‘zbekiston “uch maʼnaviy durdona – Shariat, Maʼrifat va Haqiqat zamini” deb eʼtirof etilgan hamda xalqaro ziyorat uchun tavsiya qilingan fatvoni qabul qildi. Hujjat O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyevga tantanali ravishda topshirildi.

Tashkilot maslahatchisi Shayx Muhammad Ali Hanafia Ar-Rabboniy ushbu tashabbus doirasida O‘zbekistonning turizm salohiyati ASEAN mamlakatlaridagi kengashning 15 million aʼzosi orasida keng targ‘ib qilinishini maʼlum qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish