O‘zbekiston va Buyuk Britaniya soliq xizmatlari sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar
Sentabr 29, 2026. 15:00 • 2 daq
• 81
LONDON, 29-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Jahongir Abdiyev boshchiligidagi delegatsiya Buyuk Britaniyaning Daromadlar va bojxona xizmati (HM Revenue and Customs, HMRC) rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda britan tomoniga O‘zbekistonda soliq ma’muriyatchiligini raqamli transformatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijalari, soliq organlari faoliyatida sun’iy intellektni qo‘llash, shuningdek, 2030-yilgacha soliq ma’muriyatchiligini rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Britanlik hamkasblarda O‘zbekistonning elektron hisobvaraq-fakturalarga to‘liq o‘tish va ular asosida shakllanadigan ma’lumotlardan soliq ma’muriyatchiligida foydalanish tajribasi katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston delegatsiyasi Britaniya soliq xizmatining taraqqiyot strategiyasi, soliq xavflarini boshqarish yondashuvlari, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) ma’muriyatchiligi, shuningdek, soliq to‘lovchilarga, jumladan, yirik soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tartibi bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, yirik soliq to‘lovchilar bilan hamkorlik qilish, soliq xavflarini boshqarish, QQS ma’muriyatchiligi, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni qo‘llash hamda mutaxassislar malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda aloqalarni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.
Bundan tashqari, tomonlar ko‘p tomonlama soliq sohasidagi hamkorlik, jumladan, iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuv global forumi, BEPS rejasini amalga oshirish, shuningdek, Xalqaro soliq ma’muriyatlari assotsiatsiyasi (IOTA) doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi