O‘zbekiston va Misr geologiya, kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda
Mart 08, 2026. 11:51 • 2 daq
• 124
QOHIRA, 8-mart. /“Dunyo” AA/.O‘zbekiston elchixonasida “Seagull Petroleum and Mining” kompaniyasi bosh direktori Hisham al-Meligi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda O‘zbekiston va Misr o‘rtasida geologiya, neft-gaz va tog‘-kon sanoati sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, yurtimizning geologik tadqiqotlar va foydali qazilmalarni qidirish borasidagi ilmiy-amaliy tajribasi, shuningdek, Misr hududida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar O‘zbekistonning ilg‘or geologik xizmatlarini Misrga eksport qilish istiqbollarini muhokama qildilar va ushbu sohadagi o‘zaro manfaatli aniq loyihalarni ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot hamkorligini kengaytirish maqsadida Toshkentda Geologiya fanlari universiteti filialini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv ishtirokchilari ushbu tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladilar.
Muzokaralar yakunida Misr delegatsiyasining aprel oyida mamlakatimizga tashrifini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi. Bo‘lajak tashrif davomida geologiya va tog‘-kon sanoatidagi hamkorlikning amaliy yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek, qator qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi