O‘zbekistonda Germaniyaning mashhur kompaniyasi bilan birgalikda ilk bor “Intelligent Building Expo Tashkent – 2026” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi
Fevral 02, 2026. 09:55 • 2 daq
• 5TOSHKENT, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tadigan “Intelligent Building Expo Tashkent – 2026” xalqaro ko‘rgazmasi oldidan OAV uchun matbuot anjumani tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda ko‘rgazmaning maqsad va vazifalari, uning mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyati hamda asosiy yo‘nalishlari taqdim etildi.
Matbuot anjumanida ushbu yirik loyiha Germaniyaning mashhur “Messe Frankfurt” kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilayotgani taʼkidlandi. Ko‘rgazmada to‘rtta asosiy yo‘nalish – suv taʼminoti va energiya, yoritish tizimlari va “aqlli” binolar, xavfsizlik texnologiyalari hamda kabel-o‘tkazgich mahsulotlari sohalari yagona platforma sifatida birlashadi.
Ko‘rgazma davomida “aqlli” bino texnologiyalari, uy va ofislarni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimlari, energiya samaradorligi, resurslarni tejovchi “yashil” texnologiyalarga katta eʼtibor qaratiladi. Shu bilan birga, muhandislik yechimlari, iqlim nazorati, isitish, ventilyatsiya va sovitish tizimlaridagi so‘nggi innovatsiyalar, zamonaviy xavfsizlik tizimlari hamda kabel sanoati mahsulotlari ham namoyish etiladi.
Mutaxassislarning fikricha, bunday nufuzli tadbirning mamlakatimizda o‘tkazilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun jahon bozoriga chiqish, xorijiy investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish imkonini beradi.
“Intelligent Building Expo Tashkent – 2026” ko‘rgazmasi nafaqat yurtimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi yirik va nufuzli sohaviy maydonga aylanishi kutilmoqda. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonning innovatsion texnologiyalar markazi sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



