O‘zbekiston va Serbiya qo‘shma madaniy loyihalar istiqbollarini muhokama qilmoqda
Fevral 02, 2026. 09:28 • 37 soniya
• 6
BELGRAD, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Serbiya madaniyat vazirliklari rahbariyati o‘rtasida onlayn muloqot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov va Serbiya Madaniyat vazirligi davlat kotibi Lav Paykich, shuningdek, boshqa mutasaddi vakillar ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuv Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning 2025-yil oktyabr oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan tashkil etildi.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama madaniy hamkorlikni rivojlantirish va kino sanoati sohasida tajriba almashish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, madaniy tadbirlar o‘tkazish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va kelishilgan sohalarda muntazam muloqotni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
