O‘zbekistonda topilgan qadimiy shahar Ipak yo‘li haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirib yuborishi mumkin
Mart 10, 2026. 11:41 • 2 daq
• 35
MADRID, 10-mart. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning mashhur “OkDiario” yangiliklar portalida “Arxeologlarning kutilmagan kashfiyoti: O‘zbekistonda Ipak yo‘lining afsonaviy shahri topildi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada ta’kidlanishicha, arxeologlar Markaziy Osiyoning baland tog‘li hududlarida ilgari manzili noma’lum bo‘lgan afsonaviy Marsmanda shahrini topgan bo‘lishi mumkin. Uzoq vaqt davomida tarixiy manbalarda yirik iqtisodiy va metallurgiya markazi sifatida tilga olingan bu shaharning aniq joylashuvi shu kungacha sir bo‘lib kelayotgan edi.
Ushbu topilma zamonaviy texnologiyalar — dronlar va Lidar (LiDAR) lazer skanerlash tizimi yordamida amalga oshirildi. Yer ostidagi yashirin tuzilmalarni masofadan turib aniqlash imkoniyati arxeologlarga shaharning mukammal planirovkasini tiklashga yordam berdi. Tadqiqotlar natijasida mustahkamlangan devorlar, turar joy mavzelari va yirik ishlab chiqarish zonalari aniqlandi. Bu esa Marsmanda Sharq va G‘arbni bog‘lovchi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sanoat xabi bo‘lganini tasdiqlaydi.
Arxeologlarning fikricha, Marsmandaning topilishi Buyuk Ipak yo‘lining iqtisodiy va shaharsozlik tizimini yangidan o‘rganishga imkon beradi. Ayniqsa, baland tog‘li hududlarda bunday yirik urbanizatsiya jarayonining mavjud bo‘lgani fan olami uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Bu kashfiyot O‘zbekistonning qadimgi davrlarda nafaqat savdo, balki yuksak texnologiyalar va metall ishlab chiqarish markazi bo‘lganini isbotlaydi.
Ispaniya nashrining yozishicha, Marsmandaning qayta kashf etilishi tarixiy xaritalarni qayta ko‘rib chiqish va o‘rta asrlardagi Markaziy Osiyo sanoat markazlari haqidagi tasavvurlarni aniqlashtirish uchun yangi istiqbollar ochadi. Endilikda arxeologlar shaharning aniq identichnostini tasdiqlash uchun keng ko‘lamli yer usti qazish ishlarini boshlashni rejalashtirmoqdalar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi