Jakartaning eng gavjum joylarida O‘zbekiston turizm salohiyati namoyish qilindi
Yanvar 14, 2026. 16:17 • 2 daq
• 140JAKARTA, 14-yanvar. /“Dunyo” AA/. Indoneziya poytaxtida O‘zbekistonning turistik, madaniy va maʼnaviy salohiyatini targ‘ib etishga qaratilgan keng qamrovli loyihaning birinchi bosqichi ishga tushirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Jakartaning eng yirik jamoat va biznes hududlarida joylashgan zamonaviy LED ekranlarda “Visit Uzbekistan – Homeland of Imam Bukhari” yagona brendi ostida tayyorlangan videorolik namoyish qilindi.
Ushbu videorolikda O‘zbekistonning betakror tabiiy va tarixiy manzaralari, noyob meʼmoriy ansambllari, zamonaviy inshootlar va turizm infratuzilmalari ifodalangan. Videorolikda islom olamidagi buyuk olim Imom Buxoriyning ilmiy merosi, Samarqandning islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatidagi o‘rni, mamlakatning tarixiy-madaniy va ziyorat turizmi salohiyati o‘z ifodasini topgan.
LED ekranlarda videokontent joylashtirilishi madaniy-maʼrifiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi hamda O‘zbekistonni jahon miqyosida islomiy ilm-fan va maʼnaviyat markazi sifatida namoyon etishga qaratilgan. Ushbu loyiha dunyodagi eng yirik musulmon davlati hisoblangan Indoneziya bozorida O‘zbekistonning ijobiy va barqaror obrazini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ayni paytda Indoneziya aholisi 285 milliondan oshiq bo‘lib, har yili 1,8 milliondan ziyod fuqarolari Umra ziyoratini amalga oshiradi. Bu esa mazkur mamlakatni ziyorat turizmini rivojlantirish uchun strategik ahamiyatga ega bozorga aylantiradi.
Shu bilan birga, ushbu tashabbus doirasida O‘zbekistonning Indoneziya jamoat makonidagi vizual ishtiroki bosqichma-bosqich taʼminlanib, mamlakatning turizm salohiyatini xalqaro auditoriyaga tizimli ravishda taqdim etishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
LED ekranlarda videokontent joylashtirilishi O‘zbekistonning Indoneziyadagi ziyorat-turizmni ilgari surish bo‘yicha to‘liq formatdagi kompleks dasturining boshlanish bosqichi hisoblanadi. Mazkur dastur jami yettita o‘zaro bog‘liq yo‘nalishni o‘z ichiga oladi. Ular qatorida avia va turistik logistikani rivojlantirish, O‘zbekistonning turistik salohiyatini Indoneziya axborot makonida keng targ‘ib etish, mamlakatning eng yirik shaharlari – Jakarta, Surabaya, Bandung va Samarinda shaharlarida O‘zbekiston turizmiga bag‘ishlangan targ‘ibot va taqdimot tadbirlarini o‘tkazish belgilangan.
Jamoat transporti infratuzilmasi bo‘yicha metro bekatlarida O‘zbekiston turizm brendiga oid videorolik joylashtirish, yirik masjidlar imom-xatiblarining O‘zbekistonga muntazam ziyorat safarlarini tashkil etish, nufuzli blogerlar va jamoat arboblari ishtirokida media-loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Qolaversa, madaniy va gumanitar diplomatiyani kuchaytirish, xayriya va milliy-madaniy merosni targ‘ib qilishga qaratilgan tashabbuslar nazarda tutilgan.
Loyihaning ilk bosqichi doirasida mazkur yo‘nalishda jami 3 ta LED ekranlarda joylashtirilgan videokontent Jakarta shahrining yuqori odam oqimiga ega hududlarini qamrab oldi. Bir oylik auditoriya qamrovi 17,5 milliondan ortiq transport vositalari harakatini o‘z ichiga oladi va O‘zbekistonning turistik salohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda sezilarli samara beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


