Yaponiya kompaniyalari O‘zbekistondan yiliga ming nafar ishchi qabul qilishni rejalashtirmoqda
Aprel 27, 2026. 16:55 • 2 daq
• 159TOKIO, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning “Proud Partners”, “Izumi Logistics” va “Company Action” kompaniyalari vakillari bilan hamyurtlarimizni daromadli ishga joylashtirish masalasida muzokara bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va yurtimizning Tokio shahridagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvda vatandoshlarimizga til o‘rgatib, tegishli kasb-hunarga o‘qitish orqali ularni Yaponiyada yuqori maoshli ish o‘rinlari bilan taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Xususan, “Proud Partners” va “Izumi Logistics” kompaniyalari bilan hamkorlikda haydovchilarni tayyorlash va ularni Yaponiyaga ishga jo‘natish masalasi ko‘rib chiqildi. Yapon tomonining maʼlum qilishicha, O‘zbekistondan yiliga ming nafargacha malakali ishchilarni qabul qilish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, Angren shahrida tashkil etilgan “Uzbekistan Proud Academy” markazida hozirda yuz nafarga yaqin kishi o‘qitilmoqda. 2026-yil davomida ushbu ko‘rsatkichni uch yuz nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Loyihalarni amalga oshirish va kengaytirish doirasida “Proud Partners” kompaniyasi prezidentining shu yil aprel oyida O‘zbekistonga tashrifini tashkil rejalashtirilgan. Safar davomida o‘quv markazlari faoliyati bilan tanishish, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash masalalari muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, AKT sohasida taʼlim olayotgan yoshlarga til o‘rgatib, kasbga tayyorlash orqali ularni Yaponiyada ish bilan taʼminlashga qaratilgan yangi dasturni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


