O‘zbekiston hududlari va G‘arbiy Qozog‘iston viloyati savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Oktabr 06, 2026. 10:00 • 2 daq
• 8URALSK, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Oqtov shahridagi Bosh konsulxona diplomatlari G‘arbiy Qozog‘iston viloyati hokimi Nariman Turegaliyev bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar doirasida ikki tomonlama hamkorlik, savdo-iqtisodiy, turistik va madaniy masalalar ko‘rib chiqildi. G‘arbiy Qozog‘iston viloyati hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarim yilligida o‘zaro savdo-iqtisodiy aylanma 41 million AQSh dollariga yetgan.
Uchrashuv chog‘ida G‘arbiy Qozog‘iston viloyati hududidan O‘zbekistonga tegishli katta hajmdagi yuklarning tranzit tarzida o‘tishi hamda ularning tezkor va xavfsiz harakatlanishini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Joriy yilning yakuniga yaqin “Sirim” asosiy xalqaro o‘tkazish punkti ta’mirdan chiqishi va yuzaga kelgan tirbandliklar kamayishi kutilmoqda. O‘zbekiston eksport yuklarining bir qismi G‘arbiy Qozog‘iston viloyati orqali Rossiyaning Samara va Saratov yo‘nalishlarida harakatlanadi.
Nariman Turegaliyev O‘zbekiston hududlari bilan hamkorlikka qiziqish kattaligi va viloyat tadbirkorlaridan iborat delegatsiya tashrifini amalga oshirish niyati borligini ma’lum qildi.
Turizm sohasida ham aloqalar jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi. Joriy yilda Uralsk–Toshkent yo‘nalishida haftasiga ikki marta aviaqatnovlar amalga oshirilgani va yaqin kunlarda ushbu yo‘nalishda reyslarni qayta yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilayotgani qayd etildi.
Ikki tomonlama kelishuvlar doirasida Uralsk shahrida O‘zbekiston “Savdo uyi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama qilindi. G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida O‘zbekiston eksport mahsulotlari uchun “Savdo uyi” tashkil etish va savdo-iqtisodiy operatsiyalar hajmini yanada oshirish masalasi kelishib olindi.
Bosh konsulxona vakillari G‘arbiy Qozog‘istonda “Atameken” tadbirkorlar palatasi va mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda oziq-ovqat, chorvachilik, ishlab chiqarish va neft-kimyo sohalarida faoliyat yurituvchi yirik mahalliy ishbilarmonlar qatnashdi.
Qozog‘istonlik ishbilarmonlar O‘zbekiston tadbirkorlari bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga qiziqish bildirdi. Uralsk shahridagi “ALNAT” korxonasi vakillari kolbasa mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga olib chiqish va O‘zbekistonda firma ochish niyati borligini ma’lum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

