O‘zbekiston Prezidenti neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalarni ko‘rib chiqdi

Oktabr 05, 2026. 19:55 • 3 daq

• 10
O‘zbekiston Prezidenti neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalarni ko‘rib chiqdi

TOSHKЕNT, 5-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun neft va gaz tarmog‘ida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda “O‘zbekneftgaz” AJ faoliyatini takomillashtirish, xaridlar va ishlab chiqarish bilan bog‘liq masalalarni hal etishga qaratilgan ikkita qaror qabul qilindi.

Taqdimotda ushbu qarorlarning ijrosini ta’minlash, tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlari hamda yil yakunigacha amalga oshirilishi mo‘ljallangan tadbirlar ko‘rib chiqildi.

Gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari kengaytirilmoqda. Jumladan, joriy yilda 3D seysmik razvedka ishlarining hajmi o‘tgan yilga nisbatan 5 barobarga oshirish rejalashtirilmoqda. Yil boshidan beshta yangi gaz konlari ochildi, hududlarda 6000 metrgacha va undan ortiq chuqurliklarga 80 ta quduq burg‘ilangan bo‘lsa, to‘rtinchi chorakda ushbu quduqlardan yana 40 tasini burg‘ilash reja qilingan.

Istiqbolli maydonlarni, ayniqsa Ustyurtning katta chuqurlikdagi qatlamlarni o‘rganish, yangi konlarni o‘zlashtirish hamda mavjud quduqlar samaradorligini oshirish bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi.

Ushbu maqsadlarda burg‘ilash ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, jarayonlarga zamonaviy texnologik yechimlarni olib kirish muhim ahamiyatga ega.

Shu sababli hozirda Ustyurt hududida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yangi quduqlarni burg‘ilash, geofizik ma’lumotlarni qayta tahlil qilish hamda gaz qazib olish samaradorligini oshirish yuzasidan bir qator samarali loyihalar amalga oshirilmoqda.

Taqdimotda “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tasarrufidagi yirik korxonalarning moliyaviy natijalari ham tahlil qilindi. Joriy yilning to‘qqiz oyi yakuni bilan korxonalarning jamlangan sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sgan, kredit portfelini maqbullashtirish natijasida esa qarzdorlik kamaygan, yuqori foizli kreditlar shartlarini qayta ko‘rib chiqish orqali foiz xarajatlarini tejashga erishilgan.

Taqdimot doirasida gaz transport tizimining o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirishga doir loyihalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Unda yangi magistral gaz quvurlarini qurish, kompressor stansiyalarini modernizatsiya qilish kabi tadbirlar qamrab olinadi.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi, shuningdek, ayrim stansiyalarda zamonaviy elektr dvigatellarini ishga tushirish, gaz yetkazib berish barqarorligini oshirish hamda yiliga 125 million kub metr gaz tejash imkonini beradi. Shu munosabat bilan ularni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Taqdimotda “Mustaqillikning 25 yilligi” konida yuzaga kelgan avariyani bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ushbu ishlarga Xitoyning ixtisoslashgan kompaniyasi jalb qilingan bo‘lib, hozirda maxsus texnika va uskunalar ish joyiga safarbar qilinmoqda, quduqlarni burg‘ilash joylarida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Avariyani bartaraf etish jarayonining barcha bosqichlarida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash eng muhim masalalardan biri ekanligi qayd etildi.

Taqdimotda yana bir yirik loyiha - Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarishni ko‘paytirish va uni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham axborot berildi.

Hozirda zavodda asosiy texnologik qurilmalar ta’mirlangani natijasida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarishni 30 foizga, bitum 60 foizga, aviakerosin esa 5 barobarga oshirishga erishilgan.

Kelgusida zavodni xomashyo bilan barqaror ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha keng qamrovli tadbirlar amalga oshiriladi. Yil oxiriga qadar zavod yuklamasi 40 foizdan 65 foizga yetkaziladi va keyinchalik oshirib boriladi.

Davlatimiz rahbari geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlari natijadorligini oshirish, yirik loyihalarni puxta hisob-kitob va aniq moliyalashtirish manbalari asosida olib borish, tarmoq korxonalari faoliyatida samaradorlikka alohida e’tibor berish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish