“Financial Times”: Toshkentda Zamonaviy san’at markazining ochilishi O‘zbekistonning madaniy yuksalishidan dalolat
Oktabr 05, 2026. 20:40 • 2 daq
• 39
LONDON, 5-oktabr. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning nufuzli “The Financial Times” nashrida Toshkentda faoliyat boshlagan Zamonaviy san’at markaziga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, Toshkentda bunyod etilgan Zamonaviy san’at markazi shaharning madaniy tiklanishi, bebaho boylikni qayta tiklash, asrab-avaylash va keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etgan.
Muallif Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasiga alohida e’tibor qaratgan. 1966-yilgi zilziladan keyin qayta qurilgan shaharda sovet modernizmi va brutalizm uslublari an’anaviy o‘zbek me’moriy motivlari bilan uyg‘unlashgan. Zamonaviy san’at markazi ham ana shu tarixiy va me’moriy qatlamlarni o‘zida mujassam etgan.
Markaz joylashgan bino XX asr boshlarida me’mor Vilgelm Geynselman tomonidan qurilgan bo‘lib, 1912- yilda Markaziy Osiyodagi ilk tramvay tarmog‘i uchun generator stansiyasi vazifasini bajargan.
Binoni restavratsiya qilish bo‘yicha me’moriy konsepsiya Fransiyaning “Studio KO” byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Yangilash jarayonida obyektning tarixiy qiyofasi va sanoat me’morchiligiga xos xususiyatlari saqlab qolindi. Ayni paytda bino zamonaviy madaniy maskan talablariga moslashtirildi.
Nashr markaz arxitekturasini uning asosiy jihozlaridan biri sifatida ta’riflaydi. Tarixiy g‘isht devorlar saqlab qolingan, yangi materiallar – beton, terratsso va metall konstruksiyalar esa ulardan aniq ajratilgan. Arkali oynalar, baland markaziy zal va industrial muhit binoga o‘ziga xos estetika bag‘ishlagan.
Markazning ilk ko‘rgazmalarida xalqaro va o‘zbek san’atkorlarining asarlari namoyish etilmoqda. Jumladan, tunislik rassom Nadya Kaabi-Linkening “Uchar gilamlar” installyatsiyasi, saudiyalik Muxannad Shononing “Bir nafas uchun minora” asari hamda mahalliy san’atshunoslarning kompozitsiyalari ekspozitsiyalardan o‘rin olgan.
Materialda qayd etilishicha, bu loyiha O‘zbekistonda so‘nggi yillarda madaniyat va san’atga bo‘lgan e’tibor kuchayib borayotganining yaqqol namunasidir. Buxoroda xalqaro biyennalening yo‘lga qo‘yilishi va Toshkentda Tadao Ando loyihasi asosida yangi milliy muzey qurilishining boshlanishi ham mamlakatning xalqaro madaniy maydondagi mavqei tobora mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Zamonaviy san’at markazi binosining o‘zi san’at asarlaridan ham ko‘proq e’tiborni tortadi. Ammo aynan tarix, me’morlik va zamonaviy madaniyatni bir makonda uyg‘unlashtirgani markazni Toshkentning yangi madaniy ramzlaridan biriga aylantirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi