O‘zbekistonlik tadbirkorlarning Qozog‘istonga biznes-missiyasi tashkil etildi

Noyabr 28, 2026. 15:30 • 2 daq

• 29
O‘zbekistonlik tadbirkorlarning Qozog‘istonga biznes-missiyasi tashkil etildi
O‘zbekistonlik tadbirkorlarning Qozog‘istonga biznes-missiyasi tashkil etildi
O‘zbekistonlik tadbirkorlarning Qozog‘istonga biznes-missiyasi tashkil etildi
O‘zbekistonlik tadbirkorlarning Qozog‘istonga biznes-missiyasi tashkil etildi
O‘zbekistonlik tadbirkorlarning Qozog‘istonga biznes-missiyasi tashkil etildi
O‘zbekistonlik tadbirkorlarning Qozog‘istonga biznes-missiyasi tashkil etildi

OLMAOTA, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Qozog‘istondagi elchixonasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan 120 nafar o‘zbekistonlik tadbirkordan iborat delegatsiyaning Shimkent va Olmaota shaharlariga biznes-missiyasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Safar davomida o‘zbekistonlik ishbilarmonlarga Shimkent va Olmaota shaharlari hokimliklari hamda “Atameken” tadbirkorlar hududiy palatalari vakillari hamrohlik qildi.

Tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasida bevosita aloqalarni o‘rnatishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, Shimkent shahrida O‘zbekiston–Qozog‘iston biznes-forumi tashkil etilib, unda ikki mamlakat davlat tashkilotlari va ishbilarmon doiralarining 400 nafardan ortiq vakili ishtirok etdi.

Forum doirasida B2B va G2B formatlarida uchrashuvlar o‘tkazilib, sanoat, qurilish materiallari, oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika va chorvachilik sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonlik tadbirkorlar Shimkent shahridagi maxsus iqtisodiy va industrial zonalar, ishlab chiqarish korxonalari hamda yirik savdo bozorlariga tashrif buyurib, mahalliy ishlab chiqarish salohiyati va eksport imkoniyatlari bilan tanishdilar.

Shimkent shahrida o‘tkazilgan tadbirlar yakunida umumiy qiymati 18 million dollarlik kelishuvlar imzolandi.

Biznes-missiya doirasidagi uchrashuvlar Olmaota shahrida davom etdi. “O‘zbekiston – Qozog‘iston: sanoat kooperatsiyasi, savdo va yangi investitsiyaviy imkoniyatlar” mavzusida o‘tkazilgan biznes-forumda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Sherzodxon Ibragimov, Olmaota shahri hokimi o‘rinbosari Beybut Shaxanov hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 300 nafarga yaqin vakili ishtirok etdi.

Tadbir davomida o‘zaro savdo hajmini oshirish, qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Forum yakunida o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun development va turizm, chorvachilik, mehmonxona va restoran biznesi, savdo hamda sanoat yo‘nalishlarida amaliy tashriflar tashkil etildi. Ular “Almaty SuperSki” tog‘-chang‘i turizm klasteri loyihasi, “Alel Agro”, “Global Agro”, “Safia” korxonalari hamda Olmaota industrial zonasidagi yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdilar.

Olmaota shahrida o‘tkazilgan tadbirlar yakunida umumiy qiymati 16,4 million dollarlik shartnoma va kelishuvlar imzolandi.

Mazkur biznes-missiya ikki mamlakat o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash hamda yangi savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish