Pekindan munosabat: O‘zbekiston va Iordaniya siyosiy muloqotdan amaliy iqtisodiy hamkorlik sari dadil ildamlamoqda

Noyabr 28, 2026. 14:00 • 2 daq

• 29
Pekindan munosabat: O‘zbekiston va Iordaniya siyosiy muloqotdan amaliy iqtisodiy hamkorlik sari dadil ildamlamoqda

PEKIN, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti yetakchi ilmiy xodimi Su Chan “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 23–24-noyabr kunlari Iordaniyaga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Ammon Prezident Shavkat Mirziyoyevga odatdagi protokoldan yuqori darajadagi ehtirom ko‘rsatdi: Podshoh Abdulla II va Qirolicha Raniya O‘zbekiston yetakchisi hamda birinchi xonimni aeroportda shaxsan kutib oldi. Iordaniya havo kengliklarida O‘zbekistonning 1-raqamli bortiga F-16 qiruvchi samolyotlari hamrohlik qildi.

Ikki mamlakat hamkorligi kun tartibi iqtisodiyotlarning o‘zaro uyg‘unligi va bir-birini to‘ldirishiga asoslanadi. Iordaniya farmatsevtika, kimyo sanoati va suvni tejash sohalaridagi salohiyat hamda tajribasini taklif etsa, O‘zbekiston Markaziy Osiyo bozoriga yo‘l ochib, ishlab chiqarish maydonlarini taqdim qiladi. Hamkorlik kimyo va to‘qimachilik sanoati, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, geologiya, sog‘liqni saqlash hamda turizm sohalarini qamrab olgan.

Tashrifning institusional yo‘nalishida ham jiddiy siljish kuzatildi. Tomonlar Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashini ta’sis etishga kelishib oldi. Ularning ilk yig‘ilishlarini joriy yil yakuniga qadar o‘tkazish rejalashtirilgan. BMT va Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) doirasida pozitsiyalarni muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan.

Gumanitar yo‘nalish madaniy va ta’lim sohalaridagi almashinuvlarni, mushtarak ma’naviy merosni o‘rganish hamda bag‘rikeng islom g‘oyalarini ilgari surishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev “Aqaba jarayoni”ni qo‘llab-quvvatladi va uning sessiyalaridan birini Samarqandda o‘tkazishni taklif etdi.

Imzolangan hujjatlar va imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishi natijasida Iordaniya O‘zbekiston mahsulotlari eksportini Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozorlariga kengaytirish uchun muhim tayanch nuqtaga aylanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish