Pokiston OAV: Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi inson qadri va fuqarolar huquqlarining mustahkam kafolatiga aylandi

Noyabr 28, 2026. 15:00 • 3 daq

• 77
Pokiston OAV: Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi inson qadri va fuqarolar huquqlarining mustahkam kafolatiga aylandi
Pokiston OAV: Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi inson qadri va fuqarolar huquqlarining mustahkam kafolatiga aylandi
Pokiston OAV: Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi inson qadri va fuqarolar huquqlarining mustahkam kafolatiga aylandi

ISLOMOBOD, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokiston ommaviy axborot vositalarida Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga doir turkum maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Jumladan, ommabop “Pakistan In the World” nashrida “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: davlat mustaqilligidan inson qadri ulug‘langan davr sari” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda joriy yilda O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 34 yilligi keng nishonlanayotgani ta’kidlangan.

Materialda O‘zbekistonda 2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumi o‘tkazilib, yangi Konstitutsiya qabul qilingani ta’kidlangan. Konstitutsiyaviy islohotlarning muhim natijalaridan biri O‘zbekistonning ijtimoiy davlat sifatida mustahkamlanishi bo‘ldi.

Mazkur o‘zgarishlar natijasida munosib mehnat qilish, ijtimoiy ta’minot, sog‘liqni saqlash, ta’lim olish va uy-joyga ega bo‘lish, bolalar, xotin-qizlar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj boshqa fuqarolarni himoya qilish kafolatlari kuchaytirildi.

“Margalla Tribune” nashrida yoritilgan maqolada O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi 33-moddasida davlat jahon axborot tarmog‘i internetdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi lozimligi belgilangani qayd etilgan.

“Raqamli transformatsiyaning eng muhim shartlaridan biri inson huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlarini ta’minlashdan iboratdir. Xususan, Konstitutsiyaning 31-moddasi shaxsiy hayot daxlsizligi va shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilishni, 34-moddasi fuqarolarning huquqlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar va davlat organlari qarorlari bilan tanishish imkoniyatini, 50-moddasi ta’lim olish huquqini kafolatlaydi”, – deya ta’kidlangan maqolada.

“The World News” elektron nashrida “O‘zbekiston Konstitutsiyasi har bir fuqaroga o‘z huquqlaridan foydalanish imkonini beradi” sarlavhali maqola chop etildi.

Maqolada 2023-yilda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan O‘zbekiston Asosiy Qonunining yangi tahririda inson huquqlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha normalar yana-da kuchaytirilgani yoritilgan.

“Islohotlarning ahamiyati nafaqat Konstitutsiyadagi moddalar sonining 128 tadan 155 taga ko‘paygani, balki inson huquqlarining kengaytirilishi va davlatning ularni ta’minlash borasidagi majburiyatlari kuchaytirilganida namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston huquqiy va ijtimoiy davlat sifatida e’lon qilindi (1-modda), insonning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati esa oliy qadriyat deb e’tirof etildi (13-modda)”, – deyilgan manbada.

Nashrda mazkur qoidalar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda inson huquqlariga oid xalqaro paktlarda belgilangan standartlarni yana-da rivojlantirishi ta’kidlangan. Xususan, Yangi Konstitutsiyada o‘lim jazosi, qiynoqqa solish hamda inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala taqiqlangani (25–26-moddalar) alohida urg‘ulangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish