O‘zbekistonlik yoshlarni xalqaro kruiz kemalari va mehmonxonalarda ish bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi

Noyabr 28, 2026. 12:30 • 2 daq

• 69
O‘zbekistonlik yoshlarni xalqaro kruiz kemalari va mehmonxonalarda ish bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi

ABU-DABI, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning BAAdagi elchixonasi va Migratsiya agentligi vakillari “QE2 Hospitality Academy” direktori Patrik Kudin bilan onlayn muloqot o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

BAA vakillari bilan suhbat chog‘ida O‘zbekistonda akademiya filialini tashkil etish, xalqaro kruiz industriyasi va mehmonxona biznesi uchun malakali kadrlar tayyorlash hamda ularni xorijda ish bilan ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Muzokaralar davomida o‘zbekistonlik yoshlarni yurtimizda xalqaro standartlar asosida kasbga o‘qitish, xorijda amaliy tayyorgarlikdan o‘tkazish hamda nufuzli kruiz kemalari va mehmonxonalarda munosib ish o‘rinlariga jalb etish borasida fikr almashildi.

Mazkur tashabbus yoshlarimiz uchun xalqaro mehnat bozorida yangi imkoniyatlar yaratish, zamonaviy kasblarni egallash va xalqaro tajriba orttirishda muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, mamlakatimiz turizm va mehmonxona xizmatlari sohasini malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, tomonlar hamkorlikning qo‘shimcha yo‘nalishi sifatida o‘zbekistonlik IT mutaxassislarini ishga jalb etish imkoniyatlariga ham to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar muhokama qilingan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolashga kelishib oldi.

“QE2 Hospitality Academy” Dubaydagi mashhur “Queen Elizabeth 2” kemasi bortida faoliyat yurituvchi kasbiy ta’lim muassasasi bo‘lib, xalqaro kruiz kemalari, mehmonxonalar va restoranlar uchun malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan. Akademiyada tinglovchilar oshpazlik, mehmonlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish