“Boysun bahori” festivali xorijiy tadqiqotchi nigohida
May 09, 2026. 16:30 • 2 daq
• 43BOYSUN, 9-may. /“Dunyo” AA/. Shveysariyaning Landshaft va shahar tadqiqotlari instituti (ISUP) tadqiqotchisi Lara Melin “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida Surxondaryo viloyatida o‘tkazilayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
– Boysun betakror tabiati, ming yillar davomida asrab kelinayotgan xalq an’analari, milliy liboslari, musiqasi, raqslari va moddiy madaniyati bilan alohida ahamiyatga ega bo‘lgan mintaqadir.
Festival haqida Boysun hududiga oid ilmiy tadqiqotlarim davomida ma’lumot to‘plaganman. Shu bilan birga, mintaqa xalq ijodiyoti, an’anaviy hunarmandchiligi, milliy kiyimlari va madaniy merosi bilan yaqindan tanishishni rejalashtirganman.
Boysun merosi nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa madaniy tarixi uchun muhim manba bo‘lib, qo‘shni xalqlar san’ati va madaniy an’analari rivojini o‘rganishda ham katta ahamiyat kasb etadi.
Festival sermazmun va qiziqarli o‘tdi. Surxondaryo viloyatining 14 ta tumani o‘z sahnasi, milliy uslubda bezatilgan maydoni, o‘tov yoki an’anaviy uy ko‘rinishidagi ekspozitsiyalari bilan ishtirok etdi. Sahnalarda musiqiy va raqs chiqishlari, mahalliy mahsulotlar, milliy liboslar, cholg‘u asboblari, an’anaviy mehnat qurollari va qo‘l to‘quv dastgohlari namoyish etildi.
Ushbu xalqaro tadbirning ochilish marosimi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, jonli musiqa, katta raqs ansambllari, nafis milliy liboslar, tabiat va folklor manzaralarini aks ettirgan videotasvirlar bir butun badiiy kompozitsiyani hosil qildi. Qo‘shiqlar, ranglar va sahnaviy harakatlar uyg‘unligi, mushakbozlik hamda milliy ramzlar aks etgan dron-shou tadbirga tantanavor ruh bag‘ishladi.
Bu festival 2024-yilga qadar Boysun yaqinidagi tog‘li Padang qishlog‘ida o‘tkazilgan. Tadbirning shaharga ko‘chirilishi va may oyining birinchi haftasida tashkil etilishi festivalga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotganidan dalolat beradi. “Boysun bahori” folklor namoyishigina emas, balki bahor, tabiat va xalq madaniyati uyg‘unligini ifoda etuvchi o‘ziga xos bayramdir.
“Boysun bahori” O‘zbekistonning boy madaniy merosini xalqaro maydonda namoyon etish, xalqlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash va milliy an’analarga qiziqishni oshirishda muhim ahamiyatga ega. Mazkur festival Boysunni xorijiy tadqiqotchilar va sayyohlar uchun ham jozibali maskan sifatida keng tanitmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi







