Logo

AQSHda Navroʻz munosabati bilan madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi

Mart 29, 2026. 22:28 • 2 daq

48
AQSHda Navroʻz munosabati bilan madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi

VASHINGTON, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 26-mart kuni Vashington shahridagi Milliy Osiyo sanʼati muzeyida Markaziy Osiyo davlatlarining diplomatik vakolatxonalari ishtirokida Navroʻz bayramiga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Oʻzbekiston Respublikasining elchixonasi ushbu tadbirda faol ishtirok etib, milliy ekspozitsiyani namoyish etdi. Unda anʼanaviy kulolchilik buyumlari, madaniy meros namunalari, shuningdek mamlakatning sayyohlik salohiyatini yorituvchi axborot-targʻibot materiallari taqdim etildi.

Tashrif buyuruvchilarga oʻzbek milliy taomlari taklif qilinib, ular mehmonlarda katta qiziqish va ijobiy taassurot qoldirdi.

Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari elchixonalarining ishtirok etishi madaniy muloqotni mustahkamlash, shuningdek, yagona mintaqaviy imijni shakllantirishga xizmat qildi.

Qoʻshma taqdimot orqali mintaqaga xos boy tarixiy-madaniy meros keng xalqaro auditoriyaga namoyish etildi.

Mazkur tadbir muzeyning ish vaqti davomida oʻtkazilgani bois, unda mahalliy aholi vakillari, xorijiy sayyohlar hamda ekspert doiralari ishtirokida koʻp sonli mehmonlar qatnashdi. Bu esa Oʻzbekistonning madaniy va sayyohlik salohiyatini keng targʻib etishga xizmat qildi.

Tadbir davomida muzey direktori Cheyz Robinson Oʻzbekiston nafaqat milliy madaniyatni, balki butun Markaziy Osiyo madaniy merosini xalqaro maydonda targʻib etishda muhim oʻrin tutishini alohida taʼkidladi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyatiga mintaqaning boy madaniy merosini ommalashtirish borasida olib borilayotgan siyosat uchun minnatdorlik bildirildi.

Tadbir yakunlari boʻyicha qayd etilganidek, Vashington shahrida Navroʻz bayramini nishonlash yuqori tashkiliy darajada oʻtdi. Unda diplomatik korpusning keng ishtiroki va xalqaro auditoriyaning katta qiziqishi taʼminlanib, bu madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash hamda Oʻzbekistonning ijobiy imijini xorijda ilgari surishga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Shahzoda Kuchkarova

shahzoda@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish