O‘zbekiston Senati raisi Jenevada Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi bilan uchrashdi

Iyun 10, 2026. 14:00 • 2 daq

96
O‘zbekiston Senati raisi Jenevada Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi bilan uchrashdi

JЕNЕVA, 10-iyunya. /«Dunyo» AA/. Jeneva shahrida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Parlamentlararo ittifoq o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Martin Chungong O‘zbekistonni Parlamentlararo ittifoqning eng faol, tashabbuskor va ishonchli hamkorlaridan biri sifatida e’tirof etib, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, parlament faoliyatining ochiqligi va xalqaro maydonda ilgari surayotgan tashabbuslarini yuqori baholadi.

Uchrashuv davomida Buxoro va Toshkent shaharlarida o‘tkazilgan xalqaro forumlar, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlari ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonda shakllangan samarali tajriba xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotgani alohida qayd etildi.

Shu o‘rinda, joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Yosh parlament a’zolarining Global konferensiyasiga tayyorgarlik ishlari yuzasidan fikr almashildi hamda mazkur nufuzli anjumanning ahamiyati ta’kidlandi.

Tomonlar O‘zbekiston va Parlamentlararo ittifoq o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni izchil davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish