O‘zbekiston Prezidenti 7-9-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ladi
Oktabr 07, 2026. 13:10 • 2 daq
• 106
TOSHKENT, 7-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 7-9-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Prezidentimiz “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
Maslahat uchrashuvi kun tartibidan siyosiy-diplomatik hamkorlikni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, energetika sohasidagi sheriklikni kengaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish, madaniyat, ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamda yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar hamda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga oid ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashish ko‘zda tutilgan.
MDH davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Hamdo‘stlik doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi. MDH tashkil etilganining 35-yilligini nishonlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Tadbirlar yakunida qo‘shma hujjatlar to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.
Tashrif dasturiga muvofiq, qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi