O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston Prezidentini telefon orqali tavallud kuni bilan tabrikladi
Oktabr 05, 2026. 12:50 • 2 daq
• 168
TOSHKЕNT, 5-oktabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va birodar Tojikiston xalqining ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston – Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Hamkorlik barcha yo‘nalishlarda jadallashib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, transport, energetika, geologiya, qishloq va suv xo‘jaligi hamda boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli sheriklik davom etmoqda.
Hududlar o‘rtasida va madaniy-gumanitar jabhada faol almashinuvlar amalga oshirilmoqda.
Yetakchilar mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini muhokama qildilar.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi