Buxoroning xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilish imkoniyati yanada kengayadi

Noyabr 03, 2026. 14:10 • 2 daq

• 114
Buxoroning xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilish imkoniyati yanada kengayadi

TOSHKЕNT, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Buxoro shahridagi Kongress-xoll majmuasi va zamonaviy mehmonxonalar qurilishini ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, keyingi yillarda O‘zbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni izchil o‘smoqda. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 2016-yilga nisbatan qariyb olti barobar, turizm xizmatlari eksporti esa o‘n bir karra oshdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazish uchun zamonaviy infratuzilmaga talab ortib bormoqda.

Majmua shaharning ana shunday tadbirlarga mezbonlik qilish imkoniyatini kengaytiradi. Kongress-xoll forumlar, oliy darajadagi uchrashuvlar va boshqa yirik anjumanlarni o‘tkazishga xizmat qiladi.

Qiymati 60 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida 14,5 ming kvadrat metr maydonli bino qurilmoqda. Hozirda asosiy betonlashtirish ishlari yakunlanib, tashqi muhandislik tarmoqlarini tortish, fasad va tom qismlarini barpo etish davom etmoqda.

Shu hududda 37 million dollarlik “Hilton Garden Inn” mehmonxonasi ham qad rostlamoqda. Yetti qavatli, 212 xonali mehmonxonada yer osti avtoturargohi ko‘zda tutilgan. Binoning asosiy konstruksiyalari qurib bitkazilgan, hozir ichki devorlar, muhandislik tarmoqlari va fasad ishlari olib borilmoqda.

Yana bir loyiha – 39,6 million dollarlik “Holiday Inn” mehmonxonasi. Bu inshoot ham yetti qavatli, 212 xonali bo‘ladi, yonida ikki qavatli biznes markazi ham barpo etilmoqda. Mehmonxonada tom montaji va ichki devorlar qurilishi, biznes markazi yerto‘lasida esa betonlashtirishning yakuniy bosqichi ketmoqda.

Davlatimiz rahbari obyektlardagi ishlar bilan tanishib, ular Buxoroda xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish, turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish uchun muhimligini, bu esa aholi daromadlarini oshirish va hudud iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Qurilish ishlarini belgilangan muddatda, sifat talablariga qat’iy rioya etgan holda yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish