Buxoroda xalqaro tadbirlar va sayyohlar uchun yangi turizm markazi barpo etilmoqda

Noyabr 03, 2026. 15:40 • 3 daq

• 135
Buxoroda xalqaro tadbirlar va sayyohlar uchun yangi turizm markazi barpo etilmoqda

TOSHKЕNT, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Buxoro shahrida qurilayotgan yangi turizm markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, qadimiy Buxoroning tarixiy obidalari, hunarmandchilik va gastronomiya an’analari sayyohlar uchun katta qiziqish uyg‘otadi. Yangi markazda bu boy merosni zamonaviy xizmatlar bilan uyg‘unlashtirish, shaharda yirik xalqaro madaniy va ishbilarmonlik tadbirlarini o‘tkazish uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz joriy yil yanvar oyida Buxoro shahrining bosh rejasi muhokamasida madaniyat loyihalarini turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq holda amalga oshirish, ularning iqtisodiy barqarorligi va sifatli boshqaruvini ta’minlash zarurligini ta’kidlagan edi. Mazkur markaz ham mehmonlar uchun turli xizmatlarni bir hududda jamlashga qaratilgan.

Majmua 50 gektar maydonda barpo etilmoqda. Loyihaga jami 105 million dollar investitsiya yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, hududda qabullar uyi, ko‘rgazmalar zali, muzey, ikkita zamonaviy mehmonxona, 80 ta oilaviy mehmon uyi, 2 ming o‘rinli amfiteatr, 70 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi barpo etiladi. Shuningdek, sayilgohlar, hunarmandchilik markazlari va sun’iy ko‘l tashkil etiladi. Inshootlar qiyofasida Buxoro me’morchiligiga xos an’analarni zamonaviy yechimlar bilan uyg‘unlashtirish nazarda tutilgan.

Hozir markazning 10 gektar maydonida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda. Mazkur jarayonga 50 ga yaqin maxsus texnika jalb qilingan.

Majmua to‘liq ishga tushgach, 2 mingta ish o‘rni yaratilishi, Buxoroga qo‘shimcha 2 milliondan ortiq sayyoh jalb etilishi kutilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mahalliy budjetga yillik tushum 288 milliard so‘mni tashkil etishi mumkin.

Prezidentimiz loyihaning ahamiyati bunyod etilayotgan binolar bilangina o‘lchanmasligi, asrlar davomida ilm-ma’rifat, savdo va hunarmandchilik markazi bo‘lib kelgan Buxoroning shuhratiga munosib muhit yaratish, uning boy merosini dunyoga yanada keng tanitish muhimligini qayd etdi. Yangi markazga kelgan mehmon sharif shaharning tarixiy ruhini his etishi, bugungi taraqqiyotini ko‘rishi, buxoroliklar esa turizm rivojidan ish o‘rni va daromad ko‘rishi lozim. Prezidentimiz loyihani ana shu maqsadlardan kelib chiqib amalga oshirish vazifasini qo‘ydi.

Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbari Buxoro infratuzilmasini 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammitlarga puxta tayyorlash yuzasidan mutasaddilarning axborotlarini tingladi va tegishli topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish