Davlatimiz rahbari aeroport va temir yo‘lni bog‘laydigan O‘zbekistondagi birinchi loyiha bilan tanishdi

Avgust 17, 2026. 16:50 • 3 daq

136
Davlatimiz rahbari aeroport va temir yo‘lni bog‘laydigan O‘zbekistondagi birinchi loyiha bilan tanishdi

TOSHKENT, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Urganch xalqaro aeroporti va Xiva temir yo‘l bekatini bog‘laydigan yangi temir yo‘l liniyasi bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda transport infratuzilmasini rivojlantirish, turli transport turlarini o‘zaro bog‘lash, aholi hamda sayyohlar uchun qulay qatnov tizimini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xorazm viloyatida amalga oshirilgan mazkur loyiha ham shu maqsadlarga xizmat qiladi.

Qiymati 225 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida Urganch xalqaro aeroporti va temir yo‘l vokzalini bog‘lovchi 11 kilometrlik yangi temir yo‘l liniyasi qurildi. Unda bir bekat, ko‘prik, avtomobil yo‘llari bilan kesishmalar va 25 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi.

Yangi yo‘nalish orqali yiliga qariyb 650 ming nafar mahalliy va xorijlik sayyohni tashish imkoniyati yaratildi. Xiva va Urganch o‘rtasidagi qatnov vaqti ikki barobar qisqarib, 80 daqiqadan 40 daqiqaga tushadi. 30 ga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Eʼtiborlisi, aeroport va temir yo‘lni bevosita bog‘laydigan bunday loyiha mamlakatimizda birinchi marta amalga oshirildi. Urganch xalqaro aeroporti – Xiva yo‘nalishida Xitoyda ishlab chiqarilgan CR200J elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Olti vagondan iborat mazkur elektropoyezd bir vaqtning o‘zida qariyb 400 nafar yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega. U soatiga 160 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Vagonlarda VIP, biznes va ekonom-klass o‘rinlari, bepul Wi-Fi, elektron qurilmalarni quvvatlash imkoniyati, zamonaviy konditsioner va isitish tizimlari mavjud. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan.

Davlatimiz rahbari yangi elektropoyezdda Xiva shahriga keldi.

Xivada Prezidentimiz Urganch xalqaro aeroporti va Xiva temir yo‘l vokzalini bog‘laydigan yo‘nalishda qatnovga qo‘yiladigan yangi trolleybuslarni ham ko‘zdan kechirdi.

Joriy yil iyul oyida Xitoydan olib kelingan 10 ta trolleybus zamonaviy avtonom harakatlanish tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, elektr tarmog‘iga ulanmagan holda ham 100 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin.

Har bir trolleybus 87 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Ularda nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va bolali yo‘lovchilar uchun qulayliklar, USB va Type-C portlari, ichki va tashqi kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Shuningdek, haydovchi holatini kuzatish, harakat yo‘lagidan chiqib ketishdan ogohlantirish va avtomatik yong‘in o‘chirish kabi xavfsizlik tizimlari mavjud.

Ushbu zamonaviy transport vositalarini olib kelish tashabbusi Prezidentimizning o‘tgan yilgi Xorazm viloyatiga tashrifi davomida ilgari surilgan edi.

Davlatimiz rahbari transport turlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish aholi va sayyohlar uchun qulaylik yaratish, yo‘lga ketadigan vaqtni qisqartirish hamda hududning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi. Mutasaddilarga yo‘lovchilar uchun xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatishni taʼminlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish