O‘zbekiston Prezidenti Urganch shahridagi Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi hamda uning hududida tashkil etilgan Kasblar shaharchasi faoliyati bilan tanishdi
Avgust 17, 2026. 15:10 • 3 daq
• 120
TOSHKENT, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Urganch shahridagi Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi hamda uning hududida tashkil etilgan Kasblar shaharchasi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda mehnat bozori talablariga mos, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada kasbiy taʼlimni ish beruvchilar ehtiyoji bilan uyg‘unlashtirish, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish va dual taʼlimni kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Urganch shahrida tashkil etilgan Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. Muassasani barpo etish uchun davlat byudjetidan 72,4 milliard so‘m ajratilgan. 5,2 gektar maydonda 1 ming 100 o‘ringa mo‘ljallangan ikkita o‘quv binosi, 300 o‘rinli yotoqxona, sport zali, 200 o‘rinli oshxona hamda zamonaviy jihozlangan ikkita o‘quv ustaxonasi qurilgan.
Texnikumda Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or taʼlim dasturlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Dual taʼlim tizimi nazariy bilimlarni bevosita ishlab chiqarish amaliyoti bilan bog‘lash imkonini beradi.
2026–2027-o‘quv yili uchun 11 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha 200 nafar iqtidorli yosh imtihon asosida saralab olingan. Taʼlim jarayoni ish beruvchilar bilan hamkorlikda tashkil etilib, bitiruvchilarning egallagan kasbi bo‘yicha ish bilan taʼminlanishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Texnikum Xorazm viloyatidagi boshqa kasbiy taʼlim muassasalari uchun ham zamonaviy amaliy baza vazifasini o‘taydi. Hududdagi taʼlim muassasalarining qariyb 4 ming 300 nafar o‘quvchisi bu yerdagi ustaxona va laboratoriyalarda amaliyot o‘taydi. Bunday ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari muassasa hududidagi Kasblar shaharchasini ham ko‘zdan kechirdi. Bu yerda yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini erta aniqlash, ularni muayyan kasblarga yo‘naltirish uchun sharoit yaratilgan.
Kasblar shaharchasida “O‘zing yasab ko‘r” tamoyili asosida o‘quvchilar turli zamonaviy uskunalar bilan bevosita ishlab, amaliy ko‘nikmalar hosil qiladi. Transport va logistika, sanoat va qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi hamda “yashil” energetika kabi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar qamrab olingan.
Majmua yirik ish beruvchi korxonalar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Bu yoshlarni kasbga yo‘naltirishdan tortib, ularga amaliy ko‘nikma berish va kelgusida bandligini taʼminlashgacha bo‘lgan yagona tizimni shakllantirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talab qilayotgan kasblarga sifatli o‘qitish, taʼlim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirib borish va bunday tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish muhimligini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi