O‘zbekiston rahbari Turkmaniston Prezidentini telefon orqali tavallud kuni bilan tabrikladi

Sentabr 22, 2026. 13:40 • 2 daq

114
O‘zbekiston rahbari Turkmaniston Prezidentini telefon orqali tavallud kuni bilan tabrikladi

TOSHKЕNT, 22-sentabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga o‘zining samimiy salomini aytdi. Turkmaniston Prezidenti, o‘z navbatida, davlatimiz rahbariga Turkman xalqining milliy yetakchisi nomidan eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbat davomida O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib borayotgani, energetika, transport va boshqa muhim sohalarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

“Shovot – Toshhovuz” qo‘shma savdo zonasining samarali faoliyatini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, mintaqaviy kun tartibiga oid ayrim masalalar, jumladan, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi hamda Turkmanistonda bo‘lib o‘tadigan MDH sammitiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot yakunida mamlakatimiz yetakchisi birodar Turkmaniston Prezidenti va xalqini yaqin kunlarda nishonlanadigan milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati arxividan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish