O‘zbekiston Prezidentiga ma’muriy odil sudlovni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi
Sentabr 22, 2026. 16:25 • 3 daq
• 126
TOSHKЕNT, 22-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun ma’muriy odil sudlovni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2017-yil 1- iyuldan ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. Ushbu tizim davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan sud nazoratini kuchaytirish, fuqarolar hamda tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilmoqda.
O‘tgan davr mobaynida ma’muriy sudlar tomonidan 150 mingga yaqin ish ko‘rib chiqilib, 70 mingdan ortiq holatda davlat organlarining noqonuniy qarorlari bekor qilingan.
Shuningdek, mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan yuqori turuvchi yoki boshqa vakolatli organlarga 27 mingga yaqin xususiy ajrim chiqarilgan.
Bu natijalar ma’muriy sudlar faoliyati “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan ustuvor tamoyil asosida shakllanganini ko‘rsatadi. Ushbu tizim davlat organlari faoliyatida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini samarali tiklashda muhim o‘rin tutmoqda.
Taqdimotda sohani rivojlantirishning navbatdagi bosqichida ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy talablar asosida 15 ga yaqin yangi huquqiy institutni joriy etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Yangi yondashuvlar, eng avvalo, fuqarolarning buzilgan huquqlarini amalda tiklash, davlat organlari faoliyati ustidan sud nazoratini kuchaytirish hamda ma’muriy sudlarning vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Hozirgi tartibga ko‘ra, fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlarining buzilgan huquqlarini tiklash uchun ma’muriy sudlarga faqat bitta shaklda murojaat qilish imkoniga ega. Taklif etilayotgan islohotlar natijasida esa fuqarolarga huquqi buzilishidan oldin uning himoyasini proaktiv tarzda ta’minlash uchun sharoit yaratiladi. Bunda sudga murojaat qilishning to‘rt turdagi da’vo shakli joriy etish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, sudga murojaat qilish uchun belgilangan amaldagi olti oylik muddat qayta ko‘rib chiqiladi. Fuqarolarga davlat organi tomonidan qonunbuzilish holati sodir etilganligini tan olish yuzasidan sudga muddatsiz murojaat qilish imkoniyatini yaratish taklif etildi.
Amalda mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjati bilan fuqaroning huquqi buzilgan taqdirda bunday hujjat ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilish imkoniyati mavjud emas.
Endilikda fuqarolarga mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ustidan bevosita sudga shikoyat qilish huquqini berish taklif etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasiga muvofiq, davlat organlari tomonidan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak.
Shundan kelib chiqib, ma’muriy sudlarning vakolatlarini kengaytirish, ularga fuqarolar va tadbirkorlarga ta’sir choralarini qo‘llashda davlat organlari diskretsion vakolatlardan qonuniy va asosli foydalanganini tekshirish vazifasini yuklash nazarda tutilmoqda.
Sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlashga qaratilgan ta’sirchan choralar ham nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, davlat organining mansabdor shaxsiga sud qarorini ijro etmagani uchun jarima qo‘llanilganidan keyin ham qaror takroran ijro etilmasa, sud qonuniy chora ko‘rish uchun prokurorga xabar beradi.
Prezidentimiz taklif etilayotgan huquqiy institutlar inson huquqlari qo‘pol buzilgan hollarda ularni sud orqali samarali tiklash, Konstitutsiyada belgilangan mutanosiblik prinsipining amalda to‘laqonli ishlashini ta’minlash, davlat idoralari mas’uliyatini oshirish hamda sud qarorlarining muqarrar ijrosiga xizmat qilishi kerakligini ta’kidlab, bildirilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi