Logo

O‘zbekiston Prezidenti raisligida Farg‘ona viloyatini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi

Aprel 28, 2026. 14:23 • 7 daq

158
O‘zbekiston Prezidenti raisligida Farg‘ona viloyatini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi

TOSHKENT, 28-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Farg‘ona shahrida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti avvalo keyingi yillarda hudud iqtisodiyotida ro‘y bergan o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi.

So‘nggi yillarda viloyatda 8 milliard 200 million dollar investitsiya hisobiga 8 mingta zamonaviy quvvat ishga tushirildi. Tadbirkorlik uchun 100 trillion so‘m resurs yo‘naltirildi, tijorat maydonlari 10 million kvadrat metrga ko‘paydi. 13,5 ming kichik va o‘rta korxona tashkil etilib, ularning soni qariyb 2 karra oshdi.

Natijada yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobarga, sanoat 1,5 barobarga, xizmatlar 3 barobarga o‘sdi. Asosiysi, so‘nggi to‘rt yilda ishsizlik 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambag‘allik darajasi esa 11,6 foizdan 5,2 foizga tushdi.

Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Marg‘ilondagi Ipakchi va Qirguli mahallalarida 241 ta eski hovli o‘rnida 2,5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etildi. Navro‘z mahallasida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massiviga bu yil yana 6,5 ming oila ko‘chib kiradi. Bunday ishlar Yozyovon, Quva tumanlari, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida ham davom etmoqda.

So‘nggi o‘n yilda viloyatda 74 ming o‘rinli maktab, 145 ming o‘rinli bog‘cha va 3 ming koykali shifoxonalar ishga tushirildi. 167 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularda 40 mingdan ortiq o‘quvchi taʼlim olmoqda. Taʼlim sifati oshgani natijasida yoshlarning oliy taʼlim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha Farg‘ona respublikada 3-o‘ringa ko‘tarildi.

Qishloq xo‘jaligida 15 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzor yaratildi, yana 6 ming gektari yangilandi. Meva-sabzavot eksporti 3 karra ko‘payib, 400 million dollarga yetdi. Farg‘ona, So‘x, Quva tumanlari, Marg‘ilon va Qo‘qon shahrida turizm jadal rivojlanmoqda. O‘tgan yili xorijiy turistlar soni ilk bor 500 mingdan, mahalliy sayyohlar 3 milliondan oshdi, turizm eksporti esa 185 million dollarga yetdi.

– Farg‘ona ahli bizdan yana-da katta natija kutyapti, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Shu bois, joriy yil viloyatda iqtisodiyotni 9,1 foizga, sanoatni 9 foizga o‘stirish, 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish, eksportni 2 karra ko‘paytirib, 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda Farg‘ona davlat idoralari, sanoat, servis va qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalar, raqamli yechimlar va sunʼiy intellektni keng joriy etish bo‘yicha namuna bo‘lishi kerakligi taʼkidlandi.

“Besh million sunʼiy intellekt yetakchisi” dasturi bo‘yicha sertifikat olgan yoshlarning eng ko‘pi Farg‘ona viloyatiga to‘g‘ri keladi. Viloyat va tumanlar rahbarlariga iqtidorli yoshlarni jalb etgan holda davlat idoralaridagi xizmatlar va jarayonlarni raqamlashtirish, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni oshirish topshirildi.

Mahallalarning ustunliklarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, ish o‘rni, qo‘shilgan qiymat va aholi daromadini ko‘paytiradigan loyihalar ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.

Masalan, Yozyovon tumani imkoniyatlari sunʼiy intellekt yordamida o‘rganilganda tuman iqtisodiyotida asosiy eʼtiborni logistikaga qaratish zarurligi aniqlangan. A-373 magistral yo‘lining Yozyovondan o‘tgan 35 kilometr qismi orqali kuniga 30 ming transport vositasi harakatlanadi. Shu bois, tumanda logistika markazlari, yirik omborlar, yo‘l bo‘yi servis obyektlarini ko‘paytirish orqali iqtisodiy aylanmani yana 1 trillion so‘mga oshirish vazifasi qo‘yildi.

So‘nggi yillarda Farg‘onada IT xizmatlari 4 karra o‘sib, eksport 23 million dollardan oshdi. Yangi o‘quv yilidan Quva tajribasi asosida yana 16 ta tumanda texnikumlar negizida dasturlash, robototexnika, grafik dizayn va xorijiy tillar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Farg‘ona shahrida IT-Park universiteti, Marg‘ilonda INHA universitetining filialini ochib, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik va dasturiy muhandislik yo‘nalishlarida yiliga 1 ming nafar talabani o‘qitish belgilandi.

Elektron tijoratni rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bu sohada Farg‘ona ulushi hali past ekani qayd etilib, viloyatda kamida 100 ming kvadrat metrli omborxona tashkil qilish, shundan 30 ming kvadrat metrini joriy yilda ishga tushirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Sanoat va hunarmandchilikka ixtisoslashgan 126 ta mahalladagi tadbirkorlarni elektron tijorat platformalaridan foydalanishga o‘rgatish vazifasi qo‘yildi.

Qishloq xo‘jaligida mavjud zaxiralarni ishga solish ham muhokama qilindi. Viloyatda 370 ming gektar sug‘oriladigan yer, shundan 55 ming gektar bog‘ va tokzor bor. Qolaversa, 5,5 ming gektar bog‘ va tokzor eskirgan, 6 ming gektar dasht va adir yerlaridan samarali foydalanilmayapti. Bu qo‘shimcha 300 ming tonna meva-sabzavot va iqtisodiyotga 2 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratish imkoni ekani taʼkidlandi.

“Quva Agrostar” agromajmuasi tajribasi alohida qayd etildi. Bu yerda kooperatsiya asosida tomorqa va dehqon xo‘jaliklariga kichik sexlar qurish, dehqonlarni o‘qitish, in-vitro laboratoriyada yetishtirilgan ko‘chatlar bilan taʼminlash va tayyor mahsulot eksportiga ko‘maklashish yo‘lga qo‘yilmoqda. Mana shunday yondashuvlarni barcha tumanlarda joriy qilish, 5,5 ming gektar eskirgan bog‘larni to‘liq yangilash topshirildi.

Viloyatda 50 ming gektar kam hosilli paxta va g‘alla yerlari hamda samarasi past bog‘lar o‘rnida super intensiv bog‘lar yaratish bo‘yicha katta dastur ishlab chiqiladi. Bu yil 611 ming tonna meva, 252 ming tonna uzum, 1,8 million tonna sabzavot, 119 ming tonna sholi yetishtirib, meva-sabzavot eksportini 25 foizga oshirish va 500 million dollarga yetkazish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari investitsiya masalalariga ham to‘xtaldi. Viloyatda sanoat zonalari uchun ajratilgan 1 ming 77 gektar yerdan samarali foydalanish, har bir gektarda yiliga kamida 50 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish asosiy mezon bo‘lishi belgilandi. Sanoat zonalarida 5 milliard dollarlik loyihalarni boshlash topshirildi.

Beshariqdagi Andarxon mahallasida erkin savdo zonasi tashkil etish, Qo‘qondagi mexanika zavodi hududida 70 million dollarlik yirik savdo kompleksini barpo etish takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

Turizm sohasida ham katta imkoniyatlar borligi qayd etildi.

– Tarixiy obidalar va betakror tabiatni o‘zida jamlagan Farg‘onada xorijiy turistlar oqimini yana 2-3 karra oshirsa bo‘ladi, – dedi Prezident.

Buning uchun Qo‘qon va Marg‘ilonni ziyorat turizmiga, So‘x, Quva, Beshariq va Farg‘ona tumanlarini tibbiy va ekoturizmga ixtisoslashtirish zarurligi taʼkidlandi. Quvadagi “Karkidon” suv ombori atrofida dam oluvchilar xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha favqulodda vaziyatlar markazi tashkil etilgani qayd etilib, mamlakatdagi boshqa suv omborlarini ham bosqichma-bosqich aholi va sayyohlar uchun qulay maskanlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi.

Marg‘ilonda “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining ochilishi milliy qadriyatlar va tariximizni dunyoga namoyon etadigan muhim qadam sifatida baholandi. Farg‘ona tumanida “Shohimardon – Yordon” xalqaro kurort zonasi, “Vodil” malina-agroturizm klasteri, “Avval” ko‘ngilochar turizm majmuasi va “Chimyon” sanatoriy-kurort zonasi kabi loyihalar amalga oshirilmoqda. Kelasi yil yakunigacha 300 million dollarlik 50 ta turizm loyihasini ishga tushirish zarurligi belgilandi.

Qo‘qonda 64 ta madaniy meros obyektini qamrab olgan 3 ta piyoda turizm marshruti ishlab chiqilgan. Shahardagi madaniy meros obyektlarida joylashgan davlat idoralarini boshqa binolarga ko‘chirish, tarixiy obyektlarni turizm va madaniyat maskanlariga aylantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

So‘x tumanida ekoturizm, agro va tibbiy turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. So‘x daryosining Sarikanda, Istiqlol va Rovon mahallalaridan o‘tgan qismida 130 gektar maydonda yirik turizm kompleksini barpo etish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda tumanni rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish topshirildi. Umuman, tumanga yangicha qiyofa olib kirish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinishi eʼlon qilindi.

Yig‘ilishda Farg‘onaning boy madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Qo‘qon adabiy muhiti antologiyasi va elektron platformasini yaratish, Adabiyot va ijod maktabini tashkil etish taklif qilindi. Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida viloyatdagi 100 ta mahallada namunaviy mahalla kutubxonalari tashkil etiladi, buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar beriladi. “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasida har ikki yilda Xalqaro kitobxonlik festivalini o‘tkazish, unga dunyoning mashhur yozuvchi va shoirlarini taklif qilish tashabbusi ilgari surildi.

Farg‘ona madaniyatining ajralmas qismi bo‘lgan askiya sanʼatini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Marg‘ilonda Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Respublika askiya va qiziqchilik sanʼati markazi tashkil etilgani qayd etilib, yosh isteʼdodlarni qo‘llab-quvvatlash, tuman madaniyat markazlari va musiqa-sanʼat maktablarida askiya va qiziqchilik mahorati yo‘nalishlarini ochish topshirildi.

Yig‘ilish davomida viloyat va tumanlar rahbarlarining hisobotlari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillarining fikrlari tinglandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish