O‘zbekiston Prezidenti Marg‘ilon shahrida yangi ilmiy-maʼrifiy va sayyohlik majmuasining ochilish marosimida ishtirok etdi
Aprel 27, 2026. 23:26 • 4 daq
• 391
TOSHKENT, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun Marg‘ilon shahrida “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari Farg‘ona ahlini ushbu tarixiy voqea bilan samimiy tabriklab, majmua nafaqat Marg‘ilon, balki butun Farg‘ona vodiysi maʼnaviy hayotida muhim o‘rin tutishini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda Farg‘ona viloyatini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Qo‘qonda aeroport qayta tiklandi, Marg‘ilon va boshqa shahar-tumanlarda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, taʼlim, tibbiyot va madaniyat maskanlari, IT-parklar, “Yangi O‘zbekiston” turar joy massivlari barpo etilmoqda.
Bu ishlar aholi uchun qulay mehnat va turmush sharoitini yaratish, inson qadrini ulug‘lash va hududlarga Yangi O‘zbekiston ruhini olib kirishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Farg‘ona viloyati so‘nggi yillarda nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlarga ham mezbonlik qilayotganini taʼkidladi. Qo‘qonda xalqaro hunarmandchilik festivali, Rishtonda kulolchilik anjumani o‘tkazilishi yaxshi anʼanaga aylangan. Markaziy Osiyo mamlakatlarining hududlararo hamkorlik forumlari ham Farg‘onada muvaffaqiyatli tashkil etilmoqda.
So‘nggi yillarda milliy meʼmorchilik yechimlari asosida, tarixiy va zamonaviy anʼanalarni uyg‘unlashtirgan yirik turizm majmualari barpo etilmoqda. Samarqandda “Buyuk ipak yo‘li” va Imom Buxoriy majmualari, Xorazmda “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi ishga tushirildi. Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham bu borada ulkan qadam bo‘ldi.
Ushbu markaz ekspozitsiyasida Farg‘ona tarixiga alohida o‘rin ajratilgani, to‘rt yirik portaldan biri Qo‘qon portali deb atalgani, Birinchi Renessansning buyuk namoyandalari – Ahmad Farg‘oniy va Burhoniddin Marg‘inoniy merosi atroflicha yoritilgani qayd etildi.
Turizm infratuzilmasini rivojlantirish o‘z samarasini bermoqda. Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonga 3 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, turizm eksporti 1,1 milliard dollardan oshdi.
Davlatimiz rahbari Farg‘ona zaminining boy maʼnaviy va madaniy merosiga alohida to‘xtaldi. Uvaysiy, Nodira, Anbar otin, Dilshod Barno, Gulxaniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Charxiy, Sobir Abdulla kabi shoir va adiblar, Aziz Qayumov, Erkin Vohidov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Umarali Normatov, Anvar Obidjon kabi olim va ijodkorlar xalqimiz maʼnaviy xazinasiga ulkan hissa qo‘shgani taʼkidlandi.
O‘zbek sanʼati va madaniyati ravnaqiga Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilov, Muhiddin Qoriyoqubov, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Mukarrama Turg‘unboyeva, Jo‘raxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov kabi ulug‘ sanʼatkorlar beqiyos hissa qo‘shgani qayd etildi.
Prezidentimiz sanʼat ahlining mehnati va isteʼdodini qadrlash, ularning ijodiy merosini kelajak avlodlarga yetkazish borasida katta ishlar rejalashtirilayotganini bildirdi. Sherali Jo‘rayev va Farrux Zokirov maktablari tashkil etilgani, kelgusida farg‘onalik ustoz sanʼatkorlarning ham mahorat maktablari ochilishi maʼlum qilindi.
Davlatimiz rahbari “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi Farg‘ona rivojida yangi davrni boshlab berishini qayd etdi.
Milliy meʼmorchilik anʼanalari asosida bunyod etilgan 35 gektarlik majmua Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, o‘lkashunoslik muzeyi, adib va sanʼatkorlar xiyoboni, hunarmandlar markazi, mehmonxona va servis shoxobchalarini o‘z ichiga oladi.
Majmua Burhoniddin Marg‘inoniyning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, hududning qadimiy hunarmandchilik anʼanalarini asrab-avaylash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz bu muhtasham obida Yangi O‘zbekiston moʻjizalari qatoridan munosib o‘rin egallab, Farg‘ona viloyatining tashrif qog‘ozlaridan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.
– Biz ushbu majmuani aynan Marg‘ilon shahrida barpo etganimiz zamirida juda chuqur tarixiy va hayotiy haqiqat mujassam. Bu tabarruk shahar ko‘plab ilm va maʼrifat egalarini voyaga yetkazgan. Tarixiy manbalarda aytilishicha, mazkur qutlug‘ maskan “Maʼrifat ahlining vatani” degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgan.
Biz ana shunday qudratli maʼnaviy merosimizga tayanib, Marg‘ilon, butun Farg‘ona tarixining shon-sharaf kitobiga yangi sahifalar bitmoqdamiz. Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari majmuani bunyod etishda ishtirok etgan olim va loyihachilar, muhandis va quruvchilar, ishchi-xizmatchilar hamda ushbu ezgu ishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirdi.
Marosim katta konsert dasturi bilan davom etdi. Folklor-etnografik jamoalar hamda sanʼatkorlarning chiqishlari, milliy o‘yin va askiyalar barchaga zavq-shavq ulashdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi