Logo

O‘zbekiston Prezidenti Farg‘onadagi IT-park bilan tanishdi

Aprel 28, 2026. 15:47 • 2 daq

141
O‘zbekiston Prezidenti Farg‘onadagi IT-park bilan tanishdi

TOSHKENT, 28-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Farg‘ona shahridagi IT-park majmuasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mazkur majmua davlatimiz rahbarining 2024-yil avgust oyidagi tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida barpo etilgan. 150 milliard so‘m byudjet mablag‘lari hisobiga qurilgan obyekt bir vaqtning o‘zida 200 nafargacha foydalanuvchini qamrab oladi. Yiliga 3 mingdan ortiq yoshlarni o‘qitish, ularni amaliy loyihalarga jalb etish va AT xizmatlari ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.

Markazda frilanserlar va dasturchilar uchun zamonaviy kovorking muhiti, rezident kompaniyalar uchun to‘liq jihozlangan ofislar tashkil etilgan. Bu yerda taʼlim, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlari o‘zaro bog‘langan holda yo‘lga qo‘yilgan. Yaratilgan infratuzilma yoshlarning o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirib, barqaror daromad topishiga xizmat qiladi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda Farg‘ona viloyatida AT xizmatlari hajmi 4 barobarga o‘sib, eksport 23 million dollardan oshgan. Hozirgi kunda viloyatda “IT-Park” rezidentlari soni 139 taga yetgan. 2025 yilda 22,7 million dollarlik axborot texnologiyalari xizmatlari eksport qilingan.

Yangi park doirasida rezidentlar sonini 200 nafarga yetkazish, 700 ta yangi ish o‘rni yaratish, xizmatlar hajmini oshirish hamda 30 million dollarlik eksportga erishish maqsad qilingan.

Kelgusida mazkur majmuada sunʼiy intellekt texnologiyalari xabini tashkil etish, boshqaruv tizimlarini raqamlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sunʼiy intellekt, dasturlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi va ingliz tili bo‘yicha zamonaviy o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Startaplar uchun venchur moliyalashtirish, grantlar va akseleratsiya dasturlari joriy etiladi.

Prezidentimiz park rezidentlari va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan muloqot qildi. Ular tomonidan ilgari surilgan tashabbus va g‘oyalar qo‘llab-quvvatlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish