O‘zbekiston Prezidenti raisligida sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi

Avgust 07, 2026. 17:25 • 4 daq

155
O‘zbekiston Prezidenti raisligida sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi

TOSHKENT, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun mamlakatimizda sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar natijasida O‘zbekiston sunʼiy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro reytingda 25 pog‘ona yuqorilab, 62-o‘ringa ko‘tarildi. 2030-yilga qadar yurtimizni mazkur reytingda dunyodagi eng ilg‘or 50 ta davlat qatoriga kiritish maqsad qilingan.

Shuningdek, sunʼiy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish, infratuzilmani kengaytirish hamda 200 dan ortiq yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari sohadagi texnologiyalar shiddat bilan o‘zgarayotganini taʼkidlab, jahon va mintaqadagi tendensiyalarni muntazam tahlil qilish, ilg‘or ishlanmalarni tezkor o‘zlashtirish va yangi tashabbuslarni ilgari surish zarurligini qayd etdi.

Avvalo, taqdimotda zamonaviy hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘tgan oyda “Raqamli hukumat” data-markazida AQSHning NVIDIA texnologiyalari asosidagi superkompyuter ishga tushirildi. U quvvati bo‘yicha jahon reytingida 321-o‘rinni egalladi. Bir oy ichida klaster yuklamasining 90 foizga yetgani mamlakatimizda hisoblash quvvatlariga talab yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunga qadar 24 million dollarlik zamonaviy hisoblash infratuzilmasi ishga tushirildi. Mavjud klasterni kengaytirish uchun yana 70 million dollar yo‘naltirish taklif qilindi. Qo‘shimcha mablag‘lar manbalari, zarur uskunalarni olib kelish muddatlari hamda Qoraqalpog‘istonda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan data-markazlar loyihalari bo‘yicha axborot berildi.

Sunʼiy intellekt yechimlarining samaradorligi sifatli maʼlumotlar bazasiga bevosita bog‘liqligi taʼkidlandi. Shu bois, vazirlik va idoralardagi mavjud maʼlumotlarni xatlovdan o‘tkazish, ularning to‘liqligi, ishonchliligi va o‘zaro muvofiqligini taʼminlash, sohalar kesimida sifatli maʼlumotlar to‘plamlarini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilning o‘zida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sunʼiy intellekt asosida amalga oshiriladigan loyihalar sonini 100 tadan oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Tibbiyot, energetika, transport, bojxona, huquqiy xizmatlar, jamoat xavfsizligi, ekologiya va geologiya yo‘nalishlarida ishlab chiqilayotgan yechimlar taqdim qilindi.

Bu borada IT-Park rezidentlari, startaplar va 20 dan ortiq sunʼiy intellekt laboratoriyalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi. Joriy yilda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan rezidentlar sonini 300 taga, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini 2 trillion so‘mga, eksportni esa 160 million dollarga yetkazish kutilmoqda.

Kadrlar tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunga qadar 1,5 milliondan ortiq foydalanuvchi sunʼiy intellekt bo‘yicha maxsus sertifikat oldi. Shuningdek, 900 nafar rahbar, 3 mingdan ziyod davlat xizmatchisi, 1 ming nafar bank xodimi va 200 nafar maslahatchi maxsus kurslarda o‘qitildi.

Kelgusi ikki yilda “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasini to‘liq amalga oshirish, o‘quvchilar, talabalar, o‘qituvchilar va keng aholi qatlamlari uchun zamonaviy o‘quv-uslubiy materiallarni ishlab chiqish vazifasi belgilandi.

Nukus, Samarqand, Termiz, Buxoro, Farg‘ona, Andijon, Guliston va Jizzax shaharlarida sohaviy xakaton va tanlovlar o‘tkazildi. “Sunʼiy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap” tanloviga start berildi. Bunday xakatonlarni barcha hududlarda tashkil etish topshirildi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlarining sunʼiy intellekt bo‘yicha maslahatchilari faoliyati ham muhokama qilindi. 500 nafar nomzod orasidan 222 nafar maslahatchi saralab olingan. Ushbu lavozimlarga xorijda taʼlim olgan va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan yosh mutaxassislarni keng jalb qilish, ularning ishini aniq natija va samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash zarurligi taʼkidlandi.

Maslahatchilar faoliyati, amalga oshirayotgan loyihalari va tashabbuslarini monitoring qilish hamda qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan alohida raqamli platformani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Taqdimotda sunʼiy intellekt sohasidagi xalqaro hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Maʼlumki, O‘zbekiston yaqinda WAICO – Sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkiloti tashkilotiga taʼsischi davlatlardan biri sifatida aʼzo bo‘ldi.

Endi mazkur tashkilotda ishtirok etish orqali ilg‘or texnologiyalar, katta til modellari va raqamli transformatsiya yechimlarini mamlakatimizda joriy etish, xorijiy texnologik kompaniyalar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surish zarurligi qayd etildi.

Prezidentimiz mutasaddilarga hisoblash quvvatlarini izchil oshirish, sohalarda amaliy loyihalarni ko‘paytirish, sifatli maʼlumotlar bazasini yaratish, iqtidorli yoshlar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish